Янгиликлар
#g'ururim_gerbim
Gerb - bu bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsolidir. Gerb qaysi davlatga tegishli bo‘lsa, o‘sha davlatning tarixiy an’analarini ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan tasvirlar yig‘indisidan iborat.
Davlatimiz gerbi 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan qonun bilan tasdikdangan. Shu sabab, 2 iyul – O‘zbekiston fuqarolari uchun bayram sifatida qadrli va unutilmas kunlardan biriga aylangan.
Sana munosabati bilan viloyat davlat soliq boshqarmasi shaxsiy tarkibi o‘rtasida huquqiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi Hilola Sulaymonbekova, taniqli ijodkor, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Guliston davlat universitetining katta o‘qituvchisi Yo‘ldosh Karim ishtirok etdi.
— Gerbimiz davlatimizning siyosiy, milliy, xo‘jalik, jug‘rofiy, etnik va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini hamda boy tarixiy an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, — deydi Yo‘ldosh Karim. — Shuningdek, gerbimizda O‘zbekistonning ijtimoiy va davlat tuzilishi tamoyillari o‘ziga xos tarzda ifoda etilgan. “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunga binoan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi respublika davlat mustaqilligining ramzidir. Davlatimiz gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa milliy boyligimiz paxta chanoqlari qiyg‘os ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarakka o‘ralganligi hamda gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turishi aks ettirilgan.
Viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi Hilola Sulaymonbekovaning so‘zlashicha, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart. O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmatsizlik O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda jazolanadi.
O‘zini mana jannatmakon yurt va tabarruk zamin fuqarosi, olijanob va bag‘rikeng xalqning munosib farzandi deb bilgan, o‘z mamlakati, mehmondo‘st xalqi bilan cheksiz faxrlangan har bir inson gerbimizni, shu singari boshqa bebaho ijtimoiy-siyosiy qadriyatlarimiz bo‘lgan davlat ramzlarimizni Vatanimiz kabi aziz va muqaddas deb e’tirof etishi, e’zozlashi ham farz, ham qarzdir.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi