Янгиликлар
Ogoh bo‘ling, odam savdosi qurboniga aylanib qolmang!
Odam savdosi insoniyat sivilizatsiyasiga, jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu sababli uyushgan jinoyatchilik, xususan, xalqaro terrorizm, narkobiznes, qurol-yarog‘larni noqonuniy sotish bilan bog‘liq o‘ta og‘ir jinoyatlar qatorida odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash bugun xalqaro miqyosda dolzarb muammo bo‘lib turibdi.
Ayrim kishilarning soddaligi va ishonuvchanligi sababli moddiy muammolarni tezda hal etish ilinji, yengil ish topish, tez boy bo‘lish orzusi, yetarli huquqiy bilimga ega emasligi, loqaydlik va nopok kimsalarning g‘ayriqonuniy harakatlari transmilliy jinoiy guruhlarning ixtisoslashuviga sabab bo‘lmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish yoʻli bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning oʻzga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka oʻxshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson aʼzolarini, toʻqimalarini va (yoki) hujayralarini ajratib olishdir.
Mamlakatimizda odam savdosining oldini olishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy asos yaratilib, inson erkiga daxl qiluvchi ushbu mudhish jinoyatga qarshi keskin kurashilmoqda. Bu borada “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini (Nyu-York, 2000 yil 15 noyabr) to‘ldiruvchi Odam savdosining, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi Protokolni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Amalga oshirilayotgan bunday chora-tadbirlar mazkur jinoyatning oldini olish va oqibatlarini kamaytirishda, uning har qanday ko‘rinishlaridan fuqarolarimizni muhofaza qilishda muhim omil bo‘lmoqda.
Natijada fuqarolarimiz, yoshlarimiz odam savdosi, bu jinoyatning mohiyati va oqibatlari, shuningdek, o‘qish va ishlash yoki dam olish uchun xorijga qonuniy yo‘llar bilan chiqish imkoniyatlari haqida tushunchalarini boyitmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inson shaxsi daxlsizdir. Uning sha’ni, qadr-qimmatini toptashga hech kimning haqqi yo‘q. Ammo, asosiy masala shundaki, odam avvalo o‘zining huquqlarini to‘liq anglab yetmas ekan, har qanday ko‘lamdagi chora-tadbirlar yetarlicha samara bermaydi. Shu nuqtai nazardan, har bir fuqaroning huquqiy madaniyatini yuksaltirish ushbu illatga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega.
X. Sulaymanbekova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi