Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Davlat gerbi – mustaqillik timsoli!


1992 yil 2 iyul kuni O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun.

    Davlat gerbi – mamlakatimiz mustaqilligining timsoli hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 5-moddasida «O’zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o’z davlat ramzlari — bayrog’i, gerbi va madhiyasiga ega»-deb belgilab qo’yilgan.

Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug’ sanaladi, chunki u xalqning o’tmishi, buguni va kelajagini o’zida mujassam etgan, Vatanning yorqin timsolidir.

Davlat gerbi - bu bir davlatni boshqalardan ajratib turadigan nishoni, ramzi va timsolidir. Gerb qaysi davlatga tegishli bo’lsa, o’sha davlatning tarixiy an’analarini ifodalovchi ramziy ahamiyatga ega bo’lgan tasvirlar yig’indisidan iborat.

Gerbimiz davlatimizning siyosiy, milliy, xo’jalik, jug’rofiy, etnik va boshqa o’ziga xos xususiyatlarini hamda boy tarixiy an’analarini o’zida mujassamlashtirgan. Shuningdek, gerbimizda O’zbekistonning ijtimoiy va davlat tuzilishi tamoyillari o’ziga xos tarzda ifoda etilgan. 

1992 yil 2 iyul kuni O’zbekiston Respublikasining “Davlat gerbi to’g’risida”gi qonuni qabul qilindi va O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasdiqlandi. 2 iyul – O’zbekiston fuqarolari uchun bayram sifatida qadrli va unutilmas kunlardan biriga aylangan.

Mazkur qonun jami 8 ta moddadan iborat. Qonunning 1-moddasi “O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli va oq-qora tasviri tasdiqlansin”-deyilgan. Qonunda Davlat gerbi O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligining ramzi ekanligini belgilandi.

O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko’rinishga ega: tog’lar, daryolar va so’l tomoni bug’doy boshoqlaridan, o’ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g’o’za shoxlaridan iborat chambarga o’ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo’lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo’yilgan.

O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko’rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi — oltin rangida; g’o’za shoxlari va barglari, tog’lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan. Bu ta’rif mazkur qonunning 3-moddasida o’z aksini topgan.

 Ushbu qonunda Davlat gerbini joylashtirish, aks ettirish va undan foydalanish tartib-qoidalari belgilab berilgan.

Qonunning 51-moddasiga asosan O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi.

O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizasiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o’tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga o’xshash bo’lishi mumkin emas.

O’zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O’zbekistonda turgan boshqa shaxslar O’zbekiston Republikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart.

O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to’g’risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo’ladi.

 Yangiyer shahar yuridik xizmat ko’rsatish markazi

bosh yuriskonsulti R.Yulchurayev

Yangiyer shahr hokimligi Matbuot xizmati