Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Adliya aralashuvi bilan xodim ishga tiklandi


“Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatida elektr chilangari lavozimida faoliyat yuritgan Zarif Mingjigitov qonunga zid  ravishda ishdan bo‘shatilganidan norozi bo‘lib Shirin shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi.

Murojaat adliya bo‘limining ish yurituviga olinib, zarur hujjatlar to‘plandi.

Aniqlanishicha, 2022-yilning 20-yanvar kuni ichki mehnat tartibini buzgan Z.Mingjigitov oradan ikki oyga yaqin vaqt o‘tgandan so‘ng ish beruvchi tashabbusi bilan lavozimidan ozod etilgan.

Vaholanki, Mehnat kodeksining 182-moddasiga ko‘ra, intizomiy jazo bevosita nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki ta’tilda bo‘lgan vaqtini hisobga olmasdan, uzog‘i bilan bir oy ichida qo‘llanilishi belgilangan.

Shuningdek, MK 100-moddasi 2-qismining 3 va 4-bandlarida mehnat munosabatlarining bekor qilinishiga intizomiy jazolar qoʻllash uchun belgilangan muddatlar oʻtgach yoʻl qoʻyilmasligi ko‘rsatilgan.

Yuqoridagilarga asosan, Shirin shahar adliya bo‘limi tomonidan Z.Mingjigitov manfaatida ishga tiklash, majburiy progul kunlari uchun ish haqi va maʼnaviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Boyovut tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Natijada, sudning hal qiluv qarori bilan Z.Mingjigitov avvalgi ishiga tiklandi, qolaversa, majburiy progul kunlari uchun 9 918 541  so‘m ish haqi hamda 5 00 000 so‘m miqdorda ma’naviy zarar undirib berilishi belgilandi.

Xulosa shuki, har bir ish beruvchi mehnat qonunchiligini chuqur bilishi va unga qat’iy amal qilishi zarur.

Shundagina xodimlarning huquqlari ishonchli himoya qilinadi, ortiqcha ovoragarchilik va chiqim qilinishiga barham beriladi.

Ikrom Hakimov,

Shirin shahar adliya boʻlimi boshligʻi