Янгиликлар
⚡️Adliya aralashgach, 25 nafar sport targ‘ibotchisiga 193 732 342 so‘m miqdorda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab beriladigan bo'ldi
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi 6099-son “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosi yuzasidan monitoring o‘tkazildi.
O‘tkazilgan monitoring jarayonida, Guliston tuman Xalq ta’lim bo‘limi tomonidan “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklatilgan 25 nafar xodimga jami 193 732 342 ( bir yuz to‘qson uch million yetti yuz o‘ttiz ikki ming uch yuz qirq ikki) so‘m miqdorda ustama haqi to‘lab berilmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi 6099-son “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining 13-bandida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama to'lanishi qayd etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi moliyaviy ahvolidan qat’iy nazar xodimga bajargan ish uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq to‘lashga majburligi hamda ushbu Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shartligi ko'rsatilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, adliya boshqarmasi tomonidan bir guruh xodimlar manfaatida Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritildi.
Natijada sud buyruqlari bilan Guliston tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 25 nafar sport targ‘ibotchisiga 193 732 342 so‘m miqdorda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilishi belgilandi.
Timur Karimov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i