Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Sayxunobodda shar'iy nikohdagi yosh oilaning nikohi qonuniylashtirildi


Oila - muqaddas qo‘rg‘on. Ushbu imoratni barpo etish, ikki yoshning boshini qovushtirish uchun ota-bobolarimiz, momolarimiz o‘zgacha yondashgan, o‘ziga xos urf-odat va an’analarga rioya qilgan. Dastlab quda bo‘lmishning nasl-nasabi surishtirilgan, odob-axloqi, mahalla-ko‘y orasidagi obro‘-e’tibori bilan qiziqib, yoshi ulug‘ insonlarning maslahatini olishgan.

To‘g‘ri-da, milliy qadriyatlarimizning mazmuni ana shunday sa’y-harakatlarda o‘z ifodasini topadi. Biroq, bu yaxshi niyatlar, orzu-havaslar tantanasi qonuniy tasdiqlansa, u jamiyatning bir bo‘g‘ini sifatida davlat himoyasida bo‘ladi.

Sayxunobod tumani "Yangi hayot" mahallasida istiqomat qilayotgan K.Shelkov va Sh.Normo‘minovaning ahdi paymoni jamiyatda yana bir oila barpo etilishiga asos bo‘ldi. Biroq bu ittifoq huquqiy jihatdan mustahkamlanmadi.

Ha, shar’iy nikohda yashab kelayotgan yosh oila uchun bu kelgusida ancha ovorayu-sarsangarchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin edi. Sayxunobod tuman adliya bo‘limi tomonidan "Yangi hayot" mahallasida tashkil etilgan huquqiy targ‘ibot tadbirida Sh.Normo‘minovaning ham ishtirok etgani ushbu muammoning yechimi haqida o‘ylab ko‘rishi uchun turtki bo‘ldi. 

Shu kuni Sh.Normo‘minova tuman adliya bo‘limidan nikohni qonuniylashtirishda huquqiy maslahat va amaliy yordam so‘radi.

Mazkur murojaat adliya bo'limi tomonidan ijobiy hal qilindi. Hech qanday moneliklar bo‘lmagani bois yosh oilaning muammosiga yechim topilib, ularning qonuniy nikohi qayd etildi. 

 Darhaqiqat, sog‘lom va mustahkam oilani barpo etishda uning huquqiy asoslarini ham bilish maqsadga muvofiqdir. Zero, nikoh muqaddas rishta. U jamiyatda oila atalmish yana bir yangi qo‘rg‘on barpo bo‘lganligining huquqiy tasdig‘idir.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi