Янгиликлар
Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi yangi binoga ko‘chib o‘tdi
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Guliston shahar davlat xizmatlari markazi endilikda zamonaviy, barcha sharoitlarga ega «HUMO» savdo markazida o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Zamonaviy arxitektura yechimlarini o‘zida mujassam etgan ushbu bino eng zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan. Markazga tashrif buyuruvchilarga keng va yorug‘, shinam xizmat zalida, qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatiladi. Ayniqsa, bu yerga tashrif buyuruvchilarni doimo tabassum bilan kutib oluvchi maslahatchilar, elektron navbat tizimi, interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish uchun tashkil etilgan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish burchagi, shinam kutubxona, salomatlik burchagi, kutish joylarning tashkil etilgani mijozlar uchun yanada qulaylik yaratadi.
Shuningdek, yangi binoda xorijiy biometrik pasportni rasmiylashtirish, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun alohida xonalar ham tashkil qilingan. Bu aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolar bugungi kunda 170 dan ortiq turdagi davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati mavjud. Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan bir kunda o‘rtacha 250-350 nafar fuqaroga davlat xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Yana bir e’tiborli jihati, bu yerda tashrif buyuruvchilarning navbatini tartibga solish va ularga xizmat ko‘rsatishni baholab borish maqsadida “QMATIC” qurilmalari tizimi ham o‘rnatilgan. 10 ta qabul oynasida shaffoflik mezoni asosida xizmatlar ko‘rsatilsa, elektron navbat tizimi 3 ta monitorda aks etib turadi.
Albatta, bu xalqimizga zamonaviy va innovasion xizmat ko‘rsatishning istiqbolli tizimi ishga tushganidan dalolat beradi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi