Янгиликлар
Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz
Huquqbuzarliklar profilaktikasi jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, “mahallabay” tamoyili asosida aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligi yanada oshirishi, shubhasiz.
“Huquqiy axborot" kuni doirasida Sayxunobod tuman adliya bo‘limi tomonidan Ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda Ittifoq mahallasida tashkil etilgan tadbirda hududda jinoyatchilikni oldini olish yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish lozim. Avvalo, oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, farzand tarbiyasiga mas’ullik har bir fuqaroning burchi, vazifasi bo‘lmog‘i shart.
Sayxunobod tumani Ittifoq mahallasida 6112 nafar aholi istiqomat qiladi. Ichki ishlar bo‘limi bilan birgalikda bugun ushbu mahallada aholi bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rgandik. Maqsadimiz har bir xonadonga kirib borish, har bir fuqaro bilan suhbatlashish, ularda jinoyatchilikka qarshi kurashishga va huquqbuzarliklarning oldini olishga daxldorlik hissini shakllantirish, - deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Nazarov.Tadbir davomida huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan islohotlar mazmun-mohiyati tushuntirilib, targ‘ibot materiallari tarqatildi.
“Huquqiy axborot" kunida “Siz kelmang, biz o‘zimiz boramiz” aksiyasi doirasida Davlat xizmatlari markazidan olisda joylashgan ushbu manzilda sayyor davlat xizmatlari tadbiri tashkil etilib, bolani MTTga joylashtirish, kadastr pasportini rasmiylashtirish uchun ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza, gaz ta’minoti korxonasi yuilan shartnoma tuzish, jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, ish haqi to‘g‘risida arxiv ma’lumotnoma olish bo‘yicha 20 dan ziyod fuqarolarga sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi