Янгиликлар
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to’g’risida”gi 259-sonli qarori 2022 yil 16 may kuni e’lon qilindi.
Mazkur qaror O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to’g’risida”gi PF-5618 Faromoni ijrosini ta’minlash va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo’yicha chora-tadbirlarni belgilash maqsadida qabul qilindi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng asosiy shartlaridan biridir.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 yanvardagi PF-5618-son Farmoni bilan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsensiyasi tasdiqlangan edi va uning asosiy maqsadi aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishi, mustahkam irodali, o’z huquqlarini biladigan va qonunlarni hurmat qiladigan, huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qo’llay oladigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo’lgan va huquqbuzarlikka nisbatan murosasiz munosabatda bo’ladigan fuqarolarni tarbiyalashning keng qamrovli muntazam tizimini yaratishdan iboratdir.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining mazkur qarori bilan “2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.
Ushbu dastur quyidagilarni o’z ichiga oladi:
-oilada va ta’lim muassasalarida huquqiy tarbiyani shakllantirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo’yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash;
-davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo’yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash;
-aholi barcha qatlamlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo’yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilash;
-jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda huquqiy targ’ibotning innovatsion usullarini joriy qilish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;
-yuridik ta’limni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish.
Dasturda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo’yicha chora-tadbirlarning nomlari, ularni amalga oshirish shakllari, bajarish muddatlari va ma’sul ijrochilar belgilab berilgan.
Jamiyatda yoshlar o’rtasida huquqiy nigilizm holatlarini bartaraf etish, ularda huquqbuzarliklarning jamiyat va davlat taraqqiyoti uchun salbiy illat ekanligiga oid dunyo qarash shakllanishini targ’ib qilish, mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga imtiyozlar va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoya qilish, vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi bo’yicha targ’ibot tadbirlarini tashkil qilish, davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarning mehnat huquqi, huqqbuzarliklarning oldini olish, murojaatlar bilan ishlash bo’yicha bilimlarini oshirish, aholining turli muammolarini o’rganish, ularga bepul huquqiy maslahat va ko’mak berish maqsadida “Bepul huquqiy maslahat bilan har bir uyga” shiori ostida targ’ibot tadbirlarini o’tkazish, jinoyatchilik holatini chuqur tahlil qilish natijalari asosida jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi orasida qonunga hurmat madaniyatini shakllantirish, aholi va tadbirkorlik subyektlariga huquqiy masalalar bo’yicha yechimlarni beruvchi portallarni huquqiy mavzudagi materiallar bilan boyitish va qonunchilikdagi o’zgartirishlar bilan muvofiq holda materiallarni yangilash, «Huquqiy axborot» telegram kanali qamrovini kengaytirish, aniq hayotiy masalalar yuzasidan aholining huquqiy bilimini aniqlash bo’yicha so’rovnomalar, shu jumladan elektron tarzda o’tkazish, mazkur jarayonga bloger va ommaviy axborot vositalarini jalb qilish kabi tadbirlar jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish uchun alohida xizmat qiladi.
Dasturda jami 81 ta chora-tadbirlarni 2022-2023 yillar davomida malga oshirish belgilab berildi.
Bu tadbirlarning amalga oshirilishi kelgusida jamiyatda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini, aholi turmush tarzining yanada yuksalishini, farovonligini ta’minlab, korrupsiyaviy holatlarga barham berishga olib keladi.
Dasturda belgilangan tadbirlar uchun ma’sul etib belgilangan davlat organlari va tashkilotlari raxbarlari belgilangan chora-tadbirlarning o’z vaqtida, to’liq va sifatli amalga oshirilishi hamda amalga oshirilgan ishlar bo’yicha har chorak yakunida Adliya vazirligiga tegishli ma’lumotlarni taqdim etilishi uchun shaxsan javobgarligi belgilab qo’yildi.
Dasturda belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi holatini doimiy monitoring qilib borish va monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakunlari bo’yicha keyingi oyning 15-sanasigacha Vazirlar Maxkamasiga axborot berish Adliya vazirligiga yuklatildi.
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda hamma fuqarolarning faol bo’lishi ko’zlangan maqsadlarga tez va samarali erishishda muhim hisoblanadi.
Yangiyer shaxar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti R.Yulchurayev
Yangiyer shahar hokimligi Matbuot xizmati