Янгиликлар
02
«E-huquqshunos» elektron tizimi - qulay va shaffof
Mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi davlat organlarida huquqni bir xil qo‘llash amaliyotini shakllantirish, aholiga va bevosita ijrochilarga qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, tashkilotlar bilan o‘zaro hujjat almashinuvi «E-huquqshunos» elektron tizim orqali amalga oshirilayotgani masofadan ishlash orqali ortiqcha vaqt va qog‘ozbozlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Davlatimiz rahbarining “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joriy yil 1 avgustdan boshlab bosqichma-bosqich Markazlar tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan ta’minlanmagan davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) bo‘linmalari, davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarga ham yuridik xizmat ko‘rsatiladi.
Guliston shahar yuridik xizmat ko‘rsatish markazi tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatish belgilanayotgan tashkilotlarning mas’ul xodimlari uchun «E-huquqshunos» elektron tizimidan foydalanish bo‘yicha joylarda seminarlar o'tkazilmoqda. Navbatdagi tadbir shahardagi umumta’lim maktablari direktorlari va mas’ul ijrochilari uchun tashkil etildi. Tadbirda “E-huquqshunos” elektron tizimidan foydalanish tartibi batafsil tushuntirilib, tizimga ichki buyruq, shartnomalar va boshqa yuridik tusdagi hujjatlarning namunalarini kiritish hamda mavjud hujjatlar loyihalari namunalaridan erkin foydalanish, shaxsiy kabinetga kirish, har qanday hujjat loyihasi va unga tahliliy materiallarni tayyorlash, qayta ishlash va xulosa olish uchun Markazlarga yuborish kabi bir qator imkoniyatlar yuzasidan keng ma’lumotlar berildi.
Erkin muloqot maydoniga aylangan mazkur tadbir mobaynida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga markaz xodimlari tomonidan javoblar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi