Oqoltin tumanida yangi adliya bo'limi binosi oʻz faoliyatini boshladi
Aholisi 52 ming 101 nafarni tashkil etuvchi Oqoltin tumani Sirdaryo viloyatining eng olis hududlaridan biridir. Tumanda mavjud 13 ta mahallalarda o‘ndan ziyod turli millat vakillari ahil-inoqlikda yashab kelishmoqda.
Bugun Oqoltin tumanida zamonaviy ko'rinishda qurilgan va IT-kommunikasiya texnologiyalari bilan jihozlangan Adliya bo‘limining 1200 kvadrat metr maydonga ega yangi binosi o‘z faoliyatini boshladi.
Adliya muassasasining ochilish marosimida Sirdaryo viloyat hokimi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat organlari va tashkilotlari mutasaddillari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
- So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash, joylarda aholini tashvishga soluvchi huquqiy muammolarni hal etish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish masalalarida adliya organlari va muassasalarining roli va mas’uliyati sezilarli ravishda oshmoqda, - dedi viloyat rahbari o‘z so‘zida. Tuman markazida zamonaviy va milliy shaharsozlik normalariga muvofiq qad rostlagan ushbu inshootda fuqarolar va tadbirkorlar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, tezkor, shaffof, sifatli davlat xizmatlari va huquqiy yordam ko‘rsatilishiga ishonchim komil.
Oqoltin tumanida zamonaviy sharoitlarni o‘zida mujassamlashtirgan Adliya bo‘limi binosi barpo etilishida “Ulug‘bek Yangiyer qurilish” MCHJ qurilish tashkiloti rahbari Shaxzod Orziqulovning hissasi katta. Yosh quruvchi ko‘rkam qiyofa kasb etgan ushbu bino qurilishida fuqarolar uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor berdi.
Bu yerda murojaatchilarga bir vaqtning o‘zida 170 dan ortiq turdagi xizmatlarni ko‘rsatish imkoni yaratildi. Elektron navbat tizimi, axborot kioskasi, elektron xizmatlardan mustaqil foydalanish hamda mini-kutubxona ham tashkil qilingan. Oqoltin tuman adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bir kunda o‘rtacha 100-110 nafar fuqaroga davlat xizmatlari ko‘rsatish quvvatiga ega. 2021 yilda aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga 18 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi.Yana bir gap, bu yerga farzandlari bilan tashrif buyurgan ota-onalar uchun yorqin ranglarda jihozlangan bolalar maydonchasi kichkintoylarning vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga yordam beradi.
Yangi binoning ochilishi 1-iyun – xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga to‘g‘ri kelganligi ayniqsa, bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishladi. Shu kuni bolajonlarga bayram munosabati bilan sovg‘a-salomlar ulashildi.
Bugun shar'iy nikohda yashab kelayotgan 4 farzandning ota-onasi Abdukarim Eshtayev va Tursunoy Xoshnazarovaning 15 yillik orzulari amalga oshdi. Ularning nikohi tuman FHDY bo'limi tomonidan qayd etilib nikoh guvohnomasi topshirildi.
Bugun Nargiza Husanova uchun ham quvonchli kun bo'ldi, 2017-yilda tug'ilgan farzandi Farhod Baxodirovning tug'ilganlik fakti belgilandi.
Siyovush Usmonov va Dildora Axrorovaning nikohi yangi binonig ochilish marosimi kuniga to'g'ri kelganligi yosh oila uchun qo'shaloq shodiyonaga aylandi.
Binoning ikkinchi qavatida adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, notarius joylashgan. Bu fuqarolarga har tomonlama sifatli huquqiy ko‘mak va yuridik xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.Yangi binoda aholiga yaratilgan barcha sharoitlar vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish imkonini beradi, - deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Sattarov – Qolaversa, xalqimizda davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tadbirlarni boshlab yuborganmiz. Vaqti kelib markazga kelishga ham ehtiyoj qolmaydi, chunki har bir fuqaro o‘z uyida kompyuter yoki mobil qurilma orqali internet tarmog‘iga ulargan holda davlat xizmatlaridan onlayn tartibda foydalanadi. Bu esa xizmatni markaz orqali olishdan ko‘ra arzon va qulay.Darhaqiqat, tuman markaziga yarashgan yangi binoni tom ma’noda Oqoltin marvaridi, deb atash mumkin. Zero, cho‘l hududining matonatli xalqi uchun bu maskan marvariddek qadrli bo‘lishiga hech shubha yo‘q.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi