Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

19

Boyovutda o'tkazilgan "Huquqiy axborot kuni"da aholiga sayyor tarzda 172 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi


Inson huquqlari oliy qadriyat sanalgan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Ayniqsa, olis va chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholining muammolarini o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildiki, bu ularning mushkulini oson, og‘irini yengil, turmushini farovon qilishda muhim omil bo‘lmoqda.

Madaniyat mahallasi Boyovut tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan hududlardan biri sanaladi. Tuman adliya bo‘limi tomonidan ushbu manzilda tashkil etilgan “Huquqiy axborot kuni” tadbiri xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning tashvish va muammolarini o‘rganish imkonini berdi.

Tadbir avvalida mahalla ahliga qonunchilikka oid bir qator yangiliklar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

“Huquqiy axborot kuni” tadbiri sayyor qabul tarzida davom etdi. Unda sud, prokuratura organlari, hokim yordamchisi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi, soliq, bank, yuridik xizmat markazi, davlat xizmatlari markazi, FHDY va boshqa idora va tashkilotlar mutasaddilarining taklif etilishi aholi tomonidan qilingan murojaatlarni joyida tezkorlik bilan hal etish imkoniyatlarini yaratdi.

Sayyor qabul jarayonida 70 dan ziyod murojaatlar kelib tushdi. Shundan 16 ta murojaat joyida qanoatlantirildi, 22 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi, 32 ta murojaat o‘rganib chiqish uchun bo‘lim ish yurituviga olindi.

Muloqotda fuqaro G.Babayeva «Boyovut maxsussuvpudrat» MCHJ tomonidan turmush o‘rtog‘ining o‘z vaqtida to‘lab berilmagan ish haqini undirishda amaliy yordam so‘radi.  

M.Aliyeva, O.Xo‘jaqulovalarning ish bilan ta’minlash masalasida qilgan murojaati ijobiy hal bo‘ldi. Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi tomonidan tashkil qilingan mehnat yarmarkasi ular uchun ayni muddao bo‘ldi.

- Tibbiyot kollejini tamomlab, turmushga chiqdim. Oila, farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lib, uyda o‘tirib qoldim. Yaqinda qayta tayyorlov kursida o‘qidim, ammo mutaxassisligim bo‘yicha ish qidirib, ancha sarson bo‘ldim. Bugungi tadbir men uchun foydali bo‘ldi, mehnat yarmarkasida munosib ish topdim, - deydi O.Xo‘jaqulova.

Shuningdek, sayyor qabulda M.Raxmanovning kadastr pasportini shakllantirish xizmatiga oid murojaati bo‘yicha arizasi qabul qilinib, amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.  

Huquqiy axborot kuni” doirasida aholiga sayyor tarzda 172 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Jarayonda 34 nafar fuqarolarga ERI kalitlari berildi, 13 nafar fuqarolarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga quyildi, 14 nafar fuqaroga tayyor kadastr xujjatlari tarqatildi.

Bundan tashqari, parvarishlash nafaqasini tayinlash, kadastr pasportini shakllantirish, sudlangan (sudlanmaganlik) ma’lumotnomasi, ko‘chmas mulk obe’ktlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tadbirkorlik sube’ktining faoliyatini tiklash, sovuq suv hisoblagichini o‘rnatish, yechish, tamg‘alash uchun 100 ga yaqin fuqarolardan arizalar qabul qilindi. 

Sayyor xizmat Iroda Boyzoqova uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Farzandi Faxritdinov Iftixorbek Inomjon o‘g‘lining tug‘ilganlik fakti belgilandi.

Shu kuni Jonibek Abdunabiyev va Madina Abdunabiyevaning qonuniy nikohi qayd etilib, FHDYO bo‘limi tomonidan nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi.

Bundan tashqari, 30 dan ziyod fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha huquqiy tushunchalar berildi.

  • Madaniyat mahallasida o‘tkazilgan “Huquqiy axborot kuni” davomida fuqarolarni qiziqtirgan savollari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi, - deydi adliya boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Safarboy Tog'ayev. Tadbirdan ko'zlangan maqsad aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish.

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi