Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

17

Adliya bo'limi feldsherning huquqini sudda himoya qildi


Boyovut tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam bo‘limi navbatchi feldsheri U.Murodboyev 2020-yilning 7-avgustidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan “Mobil tez-tibbiy yordam brigadasi”siga 24 soatlik navbatchilik uchun o‘tkazildi.

Biroq, birlashma hisobraqamida mablag‘ yo‘qligi vaji bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanmadi.

Xodim ish haqini undirishda amaliy yordam so‘rab Boyovut tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi.

Aniqlanishicha, Umidjon Murodboyev tibbiyot birlashmasi bosh shifokori buyrug‘i bilan “Boyovut tuman tibbiyot birlashmasida kechayu-kunduz navbatchilik asosida faoliyat ko‘rsatish uchun mobil tez-tibbiy yordam brigadasiga” COVID-19 infeksiyasini oldini olishga jalb qilingan, ammo avgust-noyabr oylari uchun 5 454 000 (besh million to‘rt yuz ellik to‘rt ming) so‘m miqdorda qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-sentyabrdagi 583-son qarori bilan tasdiqlangan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari va boshqa xodimlarga 6 foizlik kunlik qo‘shimcha to‘lovi o‘rniga har oylik moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari amalga oshiriladigan lavozimlar” ro‘yxatda “Tez tibbiy yordam brigadalariga “o‘rta tibbiyot xodimi”ga har oyda 1,5 mln so‘m to‘lanishi lozimligi belgilangan.

Bundan tashqari, “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidimiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizomning 1-bobi 3-bandida kunlik qo‘shimcha to‘lov, maxsus to‘lov va bir yo‘la beriladigan to‘lovlar barcha tibbiyot, sanitariya-epidimiologiya xizmati va boshqa tashkilotlar xodimlariga nisbatan tadbiq etilishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, mehnat kodeksining 154-moddasiga muvofiq ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shart.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Boyovut tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro Umidjon Murodboyev manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Boyovut tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Adliya aralashuvi bilan fuqaro murojaati ijobiy yechim topdi,  sudning hal qiluv qarori bilan Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi hisobidan Murodboyev Umidjon Isoqboy o‘g‘li foydasiga jami 5.454.000 so‘m miqdorda ish haqiga tenglashtirilgan pul mablag‘ini undirish belgilandi.

Otabek Xolmatov,

Boyovut tuman adliya bo‘limi boshlig‘i