Янгиликлар
Baxtli oila siri o‘zaro hurmat, ishonch, mehr-muhabbat va sabrda
Baxtli oila siri nimada? Baxtli oila siri o‘zaro hurmat, ishonch, mehr-muhabbat va sabrda. Maman ota va Mayram aya ushbu fazilatlarni o‘zi uchun «qoida» deb bildi va mana turmush qurganiga 56 yil to‘libdiki, bunga amal qilib, kam bo‘lmadi, turmushi farovon, oilasi tinch va mustahkam, ro‘zg‘ori but bo‘ldi.
Guliston shahar Sayqal mahallasida istiqomat qilayotgan Risboyevlar oilasiga bugun barcha havas qiladi. Ularning hayotiy «qoida»si oilaning mahalla-ko‘y, jamiyatdagi mavqeini belgiladi.
Maman ota va Mayram aya 1976-yilda turmush qurishgan. Ular 4 nafar farzandni dunyoga keltirishdi. Har bir farzandining ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishdi, o‘qitib, oliy ma’lumotli qilishdi.
- Otam oddiy dehqon, onam chevar edilar. Maktabdan kelib, otamga yordamlashgani akam, ukalarim bilan dalaga borardik. Otam «halol mehnatda hikmat ko‘p, lekin albatta o‘qib, yaxshi kasb egasi bo‘linglar» der edilar. Mana shu o‘gitlar turtki bo‘lib, o‘qishga kirdim, oliy ma’lumotli bo‘ldim. Hozirda Guliston olimpiya va paralimpiya zahiralari kollejida Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosariman, - deydi qizi Dilfuza Risboyeva. Ota-onam bir-birlariga juda mehribon bo‘lgan, vafo, sadoqatni ulardan o‘rgandik.
15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan Guliston shahar nikoh uyi mas’ullari Maman ota va Mayram aya xonadoniga tashrif buyurib, Olmos to‘y sohiblarini bayram bilan muborakbod etdilar.- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan15-may Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Sana munosabati bilan yoshlar, aholi o‘rtasida «Oila - muqaddas qo‘rg‘on» mavzusida uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etmoqdamiz, shuningdek, Guliston shahridagi namunali oilalarda bo‘lib ularni bayram bilan tadbrikladik, - deydi Guliston shahar nikoh uyi mudirasi E’tibor Halimova.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi