Янгиликлар
Tadbirkorlar manfaati – davlat himoyasida
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Ushbu maqsadda davlat tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tadbirkorlarlik faoliyatini endi yo‘lga qo‘yayotgan va tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan shaxslarga bir qancha qulaylik va imtiyozlar berildi.
Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan 2021 yil 1 maydan boshlab Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan kichik tadbirkorlik subyektlariga milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etilishi hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATda ro‘yxatga olingan fuqarolarga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, biroq BHMning 150 baravaridan ortiq bo‘lmagan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafillik berilishi belgilandi.
Shu bilan birgalikda, tadbirkorlarga bank kreditlari bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar kredit shartnomalari sonidan qat’iy nazar beriladi. Bunda kompensatsiyalar taqdim etilayotgan kreditlarning umumiy summasi 10 mlrd so‘mdan, kafilliklarning umumiy summasi esa 8 mlrd so‘mdan, biroq umumiy kredit summasining 50 foizidan oshmasligi lozim bo‘ladi.
Mazkur qaror bilan muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud tadbirkorlik subyektlariga ham bir qator yengilliklar berilganini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Jumladan, 2021 yil 1-maydan boshlab chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport qiluvchilar va “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida tovarlarni respublikaga olib kirish va rasmiylashtirishni, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatishni o‘z vaqtida ta’minlamagan import qiluvchilar uchun qonunchilikda belgilangan jarima miqdorlari ikki baravarga kamaytirilishi, 2021-yil 1-may holatiga shakllangan tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qo‘llash to‘xtatilib, debitor qarzdorlik vujudga kelish muddatlari 2021 yil 1 maydan boshlab yangidan hisoblanishi belgilandi.
Shuningdek, uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik subyektlariga hamda uch yildan ortiq vaqtdan buyon tovarlarni import qilish bilan shug‘ullanayotgan, bojxona to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra to‘lovlarni belgilangan muddatda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bo‘lgan tadbirkorlarga 2021-yil 1-iyundan boshlab bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berildi.
Bunda, ushbu tartib bo‘yicha garovsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanadigan soliq yoki to‘lovlar summasi tadbirkorlik sub’ekti tomonidan oxirgi uch yil davomida to‘langan soliq yoki bojxona to‘lovlari summasining 50 foizidan oshmasligi lozim bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamiyat taraqqiyotining garovidir. Shu sababli ushbu sohada berilayotgan imkoniyatlar nafaqat tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga, shu orqali bozor munosabatlarini barqarorlashtiriga, xalqning moddiy salohiyatini rivojlantirishga, jamiyat farovonligini ta’minlashga sabab bo‘ladi.
Akbar Axrorov,
Prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilish bo‘limi bosh maslahatchisi