Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari targ‘iboti kuchaytiriladi


Mamlakatimizda yildan-yilga avtotransport vositalari soni ortib borishi yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishini taqozo etadi.

Joriy yilning 26-aprelida Vazirlar Mahkamasining “Ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy boshqarmalarida umumiy o‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda xizmat olib boradigan katta inspektori lavozimi joriy etilishi belgilandi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, katta inspektor maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha yaratilgan sharoitlarni o‘rganadi, monitoring qiladi va baholaydi, aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risida hududiy xalq ta’lim boshqarmalariga ma’lumot kiritadi, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradi, viktorina va musobaqalarni tashkil etadi, ta’lim muassasalarida mazkur qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qiladi.

Shuningdek, endilikda umumiy o‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida “Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi” klubi tashkil etiladi va har yili “Yashil chiroq” musobaqasi o‘tkaziladi.

Klubning asosiy maqsadi o‘quvchi yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularda qonunga hurmat, qonun buzilishining har qanday ko‘rinishiga murosasizlik tuyg‘usini singdirish orqali yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini shakllantirish, qonunga itoatkorlik xulq-atvorini ommalashtirishdan iborat.

“Yashil chiroq” musobaqasi esa ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish, ularni yo‘l harakatining madaniyatli ishtirokchisi sifatida tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash hamda rag‘batlantirishdek ezgu maqsadni ko‘zlaydi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qaror yosh avlodning yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘zlashtirishiga, avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash, noxush holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Xilola Sulaymanbekova,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi