Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Xodim ishga tiklandi, xodimlar bo'limi boshlig'i "hayfsan" bilan siylandi


“Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” aksiyasi doirasida joylarda soha xodimlari bilan olib borilayotgan uchrashuv va muloqotlar inson huquqlarini himoya qilish, xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklash barobarida, yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qonun buzilishlarning oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda.  

Fuqaro Iroda Qarshiboyevaning murojaati ham mazkur aksiya doirasida ijobiy yechim topdi.

Iroda 2020-yilda Sirdaryo viloyati “Bolalar kutubxonasi”da kotiba vazifasiga ishga qabul qilingan edi.

Roppa-rosa bir yildan so‘ng, uni “Yangi axborot texnologiyalari va internet sinfi” bo‘limiga asosiy xodim bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uni parvarishlash ta’tilidan qaytgunga qadar bo‘lim boshlig‘i lavozimiga vaqtincha ishga o‘tkazishdi.

I. Qarshiboyeva bo‘lim boshlig‘i lavozimiga o‘tkazilganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan 2020-yil 2-sentabrdagi mehnat shartnomasi o‘z-o‘zidan bekor bo‘ldi.

Shu bilan birga, I. Qarshiboyeva bilan Sirdaryo viloyati “Bolalar kutubxonasi” o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi shtatlar soni qisqarganligi va mutaxassiligi to‘g‘ri kelmaganligi sababli kutubxona direktorining tegishli buyrug’iga asosan bekor qilingan.

Iroda ishsiz qolishi mumkin edi, bunday vaziyatda huquq himoyachilari yordamiga tayandi. U ishga tiklash masalasida amaliy yordam berishni so‘rab Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasining “Ishonch telefoni”ga murojaat yo‘lladi.

Fuqaroning mazkur murojaati qonunchilik talablari asosida o‘rganib chiqildi.

O‘rganish mobaynida Sirdaryo viloyati “Bolalar kutubxonasi” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Jumladan, Mehnat kodeksining 96-moddasida doimiy boshqa ishga o‘tkazish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Boshqa doimiy ishga o‘tkazish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgarishlar asos bo‘ladi. Vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish uning muddati ko‘rsatilgan holda buyruq bilan rasmiylashtiriladi, deb belgilangan.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 105-moddasi uchinchi qismida ish joyi (lavozimi) saqlanishi lozim bo‘lgan xodimning ishda bo‘lmagan vaqtiga mo‘ljallab tuzilgan mehnat shartnomasi shu xodim ishga qaytgan kundan e’tiboran bekor qilinadi, deb belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagilarga asosan, Adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro I. Qarshiboyevani o‘z ish joyiga tiklash hamda qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida Sirdaryo viloyati “Bolalar kutubxonasi”ga taqdimnoma kiritildi.

Taqdimnoma ijrosi natijasida, Iroda Qarshiboyeva ishga tiklandi, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygani uchun xodimlar bo‘limi boshlig‘i N.Davronovaga “Hayfsan” intizomiy jazosi berildi.


Timur Karimov,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish bo'limi boshlig'i