Янгиликлар
27
FUQAROLAR YIGʻINI RAISI SAYLOVI YURTIMIZ HAYOTIDAGI MUHIM-SIYOSIY JARAYON
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi yurtimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon sanaladi. Mazkur voqelik mamlakatimizda shakllangan demokratik saylov tizimining uzviy qismi bo‘lib, unda fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasida fuqarolar yig‘ini kengashi, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar va taftish komissiyasi fuqarolar yig‘ini organlari sifatida belgilangan.
Mazkur qonunning 11-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini), uning maslahatchilarini, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar hamda taftish komissiyasini saylash fuqarolar yig‘inining (fuqarolar vakillari yig‘ilishining) vakolatiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunining 30-moddasida: “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi natijalari bo‘yicha fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) bir oy ichida fuqarolar yig‘ini kengashini shakllantiradi, fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) maslahatchilarini, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarni va taftish komissiyasini saylaydi”, degan norma belgilangan.
Demak, ushbu qonunga asosan saylovlar o‘tgandan keyin bir oy ichida fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘zining birinchi majlisida fuqarolar yig‘ini organlarini shakllantirish uchun fuqarolar yig‘ini raisining maslahatchilarini hamda fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarni va taftish komissiyasini saylash kabi fuqarolar yig‘inining samarali faoliyati uchun muhim bo‘lgan masalalarni hal etishi lozim bo‘ladi. Shuning uchun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va faollari ushbu tadbirga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rishlari, har bir nomzodni sinchiklab o‘rganib, ular orasidan eng munosiblarini mas’uliyatli lavozimlarga tavsiya etishlari talab etiladi.
Shuningdek o‘tkazilayotgan fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi)ning asosiy tashkilotchilari bo‘lgan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning faollari mahalla faoliyatiga, ayniqsa fuqarolar yig‘ini organlarini shakllantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlardan xabardor bo‘lishlari va ularda belgilangan normalarga rioya etishlari tadbirning adolatli tashkil etilishiga hamda fuqarolar yig‘inida ishchan jamoaning shakllanishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 18 iyundagi 380-son qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolar yig‘ini to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar yig‘ini komissiyalari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini huzuridagi jamoatchilik tuzilmalari to‘g‘risida”gi namunaviy nizomlarda fuqarolar yig‘ini kengashini tuzish tartibi, fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini), uning maslahatchilarini, shuningdek fuqarolar yig‘ini organlarining boshqa mansabdor shaxslarini saylash, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarni tuzish, qayta tashkil etish hamda ularning faoliyatini tugatish tartibi hamda fuqarolar yig‘ini taftish komissiyasini tuzish va uning faoliyatini tugatish tartibi belgilangan.
Keyingi yillarda mahalla institutining nufuzi va mavqeini oshirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 1 martdagi PF-81-son Farmonida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib fuqarolar yig‘ini kengashi tarkibiga fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli), uning huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (profilaktika inspektori) va maslahatchilari (fuqarolar yig‘ini raisining yoshlar masalalari bo‘yicha hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari), ko‘chaboshi, uyboshi, mahalladagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, shuningdek, hududdagi maktabgacha ta’lim va ta’lim muassasalari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari rahbarlari hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hududga biriktirilgan mas’ul xodimlarini kiritish tavsiya etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 iyundagi 380-son qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolar yig‘ini huzuridagi jamoatchilik tuzilmalari to‘g‘risida”gi namunaviy nizomda “Ota-onalar universiteti”, “Ayollar maslahat kengashi” hamda “Keksalar maslahat guruhi” jamoatchilik tuzilmalarining tarkibi fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazilganidan keyin bir oy ichida besh yil muddatga saylanishi belgilangan.
Yuqorida keltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan normalardan kelib chiqqan holda fuqarolar yig‘ini organlari hamda jamoatchilik tuzilmalarini shakllantirish maqsadida chaqiriladigan fuqarolar yig‘ini majlisining (fuqarolar vakillari yig‘ilishining) kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilishi tavsiya etiladi:
1. Sanoq komissiyasini saylash.
2. Fuqarolar yig‘ini kengashini tasdiqlash.
3. Fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) yoshlar masalalari bo‘yicha hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilarini saylash.
4. Taftish komissiyasini saylash.
5. Fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalarni saylash.
6. Fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi tarkibini saylash.
7. Fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Ayollar maslahat kengashi” jamoatchilik tuzilmasi tarkibini saylash.
8. Fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Keksalar maslahat guruhi” jamoatchilik tuzilmasi tarkibini saylash.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fuqarolar yig‘ini majlisining (fuqarolar vakillari yig‘ilishining) ish reglamenti belgilanadi. Fuqarolar yig‘ini majlisiga (fuqarolar vakillarining yig‘ilishiga) raislik qiluvchi saylash uchun nomzodi qo‘yilgan har bir nomzodni tanishtirganidan keyin ular bilan reglament asosida savol-javoblar o‘tkazilib, ochiq ovoz berish boshlanadi.
Fuqarolar yig‘ini majlisining (fuqarolar vakillari yig‘ilishining) bayonnomasi va qarori fuqarolar yig‘inining raisi (oqsoqoli) va yig‘ilish kotibi tomonidan imzolanadi. (fuqarolar vakillarining yig‘ilishini olib borish tartibi 1-ilovada, yig‘ilish bayoni 6-ilovada keltirilgan)
Mahallalarda yuqorida keltirilgan tartibda fuqarolar yig‘ini majlisining (fuqarolar vakillari yig‘ilishining) tashkil etilishi va o‘tkazilishi fuqarolar yig‘ini majlisining (fuqarolar vakillari yig‘ilishining) saylash yoki tasdiqlash bilan bog‘liq vakolatlariga kiruvchi barcha masalalarning hal etilishiga hamda fuqarolar yig‘ini organlari va jamoatchilik tuzilmalarining to‘laqonli shakllantirilishiga olib keladi.
Xovos tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Yaxyoyev