Янгиликлар
Sirdaryo viloyati yuridik texnikumida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi o'tkazildi
Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazish, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, yoshlarga oid davlat siyosatini yosh avlodga tushuntirish maqsadida joylarda o‘tkazilayotgan “Rahbar va yoshlar" uchrashuvi yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning orzu-istaklari, muammo va takliflarini o‘rganishda muhim omil bo‘lmoqda.
Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattarovning Sirdaryo viloyat yuridik texnikum o‘quvchilari bilan uchrashuvi ham ana shu ezgu maqsadlar uchun xizmat qildi.
Tadbirda dastlab mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z qobiliyati va salohiyatini namoyon qilishlari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, yuridik kadrlarni tayyorlash borasidagi islohotlar xususida so‘z bordi.
Muloqot mobaynida huquqshunos kadrlarga qo‘yiladigan talablar, xususan, ular qanday mezonlarga javob berishi kerakligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ochiq muloqot tarzida davom etdi. Jarayonda yoshlarning muammolari, taklif va mulohazalari tinglandi.
Shuningdek, tadbirda o‘z faolligi, tashabbuskorligi bilan alohida namuna ko‘rsatgan o‘quvchilar rag‘batlantirildi, ularga faxriy yorliq hamda badiiy va yuridik adabiyotlar jamlanmalari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, Sirdaryo viloyat yuridik texnikumida bugungi kunda 301 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Mazkur ziyo maskani professional ta'lim bo‘yicha yuridik ma'lumotga ega mutaxassislarni tayyorlaydigan yagona ta’lim muassasasidir.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi