Янгиликлар
Erkin va adolatli saylov – demokratiyaning muhim sharti
Maʼlumki, joriy yilning may oyida respublikamizning barcha mahallalarida fuqarolar yigʻini raisining saylovi boʻlib oʻtadi. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ni saylash jarayonlarining huquqiy asoslari hamda jarayonlari “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunda belgilangan tartibda tashkil qilinadi va oʻtkaziladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi oshkoralik, muqobillik va teng huquqililik prinsiplari asosida oʻtkaziladi. Saylovni oʻtkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida 2 oy oldin Oliy Majlis Senat Kengashi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga nomzodlar koʻrsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan shakllantiriladi.
Fuqarolar yig‘in raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ogʻir yoxud oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, shuningdek sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan, haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod etib koʻrsatilishi mumkin emas.
Fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishchi guruhning rahbari raisligida oʻtkaziladi.
Yigʻilish kun tartibiga, qoida tariqasida sanoq komissiyasini saylash, fuqarolar yigʻini raisini (oqsoqolini) saylash kabi masalalar kiritiladi:
Fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) fuqarolar yigʻinining (fuqarolar vakillari yigʻilishining) ish reglamenti, shu jumladan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning maʼruzalari, ularning muhokamasi, savollar va javoblar uchun vaqt belgilanadi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi boʻyicha ovoz berish natijalarini aniqlash uchun fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) tomonidan kamida uch kishidan iborat tarkibda sanoq komissiyasi saylanadi.
Fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) raislik qiluvchi fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarni eʼlon qiladi. Shundan soʻng fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) raislik qiluvchi fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning har biriga soʻz beradi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ni saylashda ovoz berish, ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish shuningdek, saylov yakunlarini chiqarish umumiy saylov qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Avazbek Safarov,
Mirzaobod tumani adliya boʻlimi bosh maslahatchisi