Янгиликлар
Korrupsiya - tubsiz jarlik
Korrupsiyaga qarshi kurashish dunyo miqyosida bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib sanaladi. Bunday salbiy illatga qarshi kurashish uchun qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarda korrupsiyaga qarshi toqatsizlik muhitini shakllantirish zaruriyati tug‘iladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan yangi O‘zbekistonda fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlariga nisbatan ishonchini yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvini korrupsiyadan holi sohaga aylantirish, korrupsion xavf-xatarning oldini olish maqsadida mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.
Guliston shahar adliya bo‘limi tomonidan Guliston olimpiya zahiralari kollejida tashkil etilgan davra suhbatida mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati batafsil tushuntirildi.
Ta’kidlanganidek, endilikda “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritiladi. Reyestrga kiritilgan shaxslar davlat xizmatiga qabul qilinishi, davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko‘rsatilishi, davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi sifatida qatnashishi, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
Tadbirda amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlarning barchasi ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashga, fuqarolarda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik muhitini yaratishga, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarida hisobdorlik hissini shakllantirishga, korrupsion xavf-xatarning oldini olishga qaratilganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ta'lim tizimini "Korrupsiyasiz soha"ga aylantirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Uchrashuv savol-javob, munozalarga boy bo‘ldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi