Янгиликлар
matbuot_anjumani
Davlatimiz rahbari tomonidan “markaziy idoralarni transformasiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish” g‘oyasi ilgari surilib bu bo‘yicha alohida Farmoyish qabul qilingan edi.
Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash shuningdek, adliya tizimida “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish uchun “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjatga asosan Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlari orasida ma’muriy islohotlar doirasida birinchi bo‘lib isloh qilingan vazirlik hisoblanadi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida tashkil etilgan matbuot anjumanida mazkur Farmon mazmun-mohiyati va ahamiyati, tizimdagi o‘zgarishlar xususida so‘z bordi.
Tadbirda dastlab Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattarovning 2022 yilning 1-choragi davomida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.
Ta'kidlanganidek, boshqarmaga o‘tgan davr mobaynida jismoniy va yuridik shaxslardan 1 361 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 288 tasi qonuniy hal etilgan.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 260 ta taqdimnoma va 1 473 ta ogohnoma kiritilib, ko‘rilgan choralar natijasida 123 nafar shaxslar ma’muriy, 250 nafar aybdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi, 639 ta noqonuniy hujjatlarning bekor qilinishi ta’minlandi. Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining 43 ta normativ tusdagi qarorlari loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi hamda aholining huquqiy ongini oshirish bo‘yicha 11 375 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida adliya organlari faoliyatiga oid statistik ma’lumotlar ochiqlandi.
Shundan so‘ng, davlat xizmatlari sohasiga oid islohotlar hamda tizimdagi yangiliklar to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, adliya tizimida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shildi.
Farmonga muvofiq tumandagi davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari va yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tuman adliya bo‘limlari bilan birlashtirilib bitta binoda faoliyat yurituvchi yagona Adliya bo‘limlariga aylantiriladi, uning tarkibida intellektual mulk ob’yektlarini muhofaza qilish bo‘yicha alohida mas’ullar faoliyat yuritadi.
Matbuot anjumanida tizimni ixchamlashtirish borasidagi shu va boshqa yangiliklar, shuningdek, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari vakillari e’tiboriga yetkazildi.
- Adliya boshqarmasi bilan doimiy hamkorlikdamiz, boshqarma tomonidan tashkil etiladigan matbuot anjumanlari va targ‘ibot tadbirlari biz jurnalistlarning huquqiy savodxonligimizni oshirishda muhim rol o‘ynaydi, - deydi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi mutaxassisi Dilorom Ismadiyorova. Bugungi tadbirda adliya tizimini ixchamlashtirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatish borasidagi islohotlardan xabardor bo‘ldik.
Muloqot qizg‘in savol-javoblar asosida davom etdi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga soha xodimlari tomonidan javoblar va huquqiy tushuntirishlar berildi.
Xulosa o‘rnida aytganda, adliya tizimida olib borilayotgan bu kabi islohotlardan ko‘zlangan maqsad huquqiy xizmat ko‘rsatishda xalqchil, ixcham, zamonaviy, qulay tizim yaratishdan iboratdir.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi