Янгиликлар
Saylov – muhim jarayon
Joriy yilning may oyida o‘tkazilishi belgilangan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, saylov jarayoniga aholi, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi eng muhim vazifalar hisoblanadi.
“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq fuqarolarning saylovda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida doimiy yashovchi fuqarolar ega bo‘ladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga ikki va undan ko‘p nomzod ko‘rsatilgan holda amalga oshiriladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar O’zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, shuningdek sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan, haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Aytish mumkinki, saylov paytida oshkoralikni ta’minlash, eng munosib nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash uchun adolatli saylov muhitini yaratish el-yurt g‘amida yonib yashaydigan, fidoyi insonlarning fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqol) etib saylanishiga sabab bo‘ladi.
Xilola Sulaymanbekova,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi yetakchi maslahatchisi