Янгиликлар
KPI - adolat mezoni, muvaffaqiyatlarning muhim faktori
Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini, ayniqsa o‘rta va quyi bo‘g‘inda huquqiy jihatdan ta’minlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatish maqsadida respublikamizning barcha tuman (shahar)larida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi.
Sirdaryo viloyatida 11 ta tuman (shahar)larda 41 ta shtat birligida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyat yuritmoqda. Markazlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida mahalliy byudjet hisobidan 850 mln. so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Natijada bugun viloyatda yuridik xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta bo‘lishi ta’minlanmoqda.
Markazlar tomonidan xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, madaniyat, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, irrigasiya, qurilish bo‘limlari, o‘rmon xo‘jaligi, tibbiyot birlashmalari,sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlariga professional yuridik xizmat ko‘rsatilib, hujjatlar almashinuvi - “E-huquqshunos” elektron tizimidan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi huzuridagi tuman (shahar) yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan 2022-yilning I-choragida 13303 ta yuridik tusdagi hujjatlarga xulosalar berildi.
Ma’lumki, davlat xizmatchilari va davlat organlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholanadi.
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi huzuridagi tuman (shahar) yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyati samardorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida yuqori baholanib, respublika miqyosida 2-o‘rinni egalladi.
Aytish mumkinki, bu viloyatda yuridik xizmat ko‘rsatish sohasiga qaratilgan e’tiborning samarasi, qonuniylikni ta’minlash yo‘lidagi tinimsiz mehnat, bilim va malaka, adliya qadriyatlariga sodiqlikning natijasidir.
Darhaqiqat, mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida Adliya vazirligi tizimida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2022-yil 1-avgustdan boshlab bosqichma-bosqich Markazlar tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan ta’minlanmagan davlat organlari va tashkilotlari - mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, turizm va madaniy meros, sportni rivojlantirish, oila va xotin-qizlar bo‘limlari, shuningdek, davlat soliq inspeksiyasi, aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, davlat ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarga ham yuridik xizmat ko‘rsatilishi ta’minlanadi.
Xulosa qilib aytganda, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tuman-shahar darajasidagi davlat organlari va tashkilotlariga sifatli yuridik xizmat ko‘rsatish, ular faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi