Янгиликлар
Saylov – mas’uliyatli jarayon
Saylov – fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarida bevosita ishtirok etish imkonini beruvchi, davlat hokimiyatining saylash orqali shakllantiriladigan organlariga taqdim etilgan nomzodlardan birini ovoz berish yo‘li bilan tanlab olishga qaratilgan jarayon hisoblanadi.
Odamlarning kundalik o‘y-tashvishlarini yaqindan tushunib, hamdard, hamfikr bo‘lishda, ularning og‘irini yengil qilishda eng yaqin ko‘makchi, eng xalqchil tuzilma bo‘lgan mahalla tizimida fuqarolar yig‘inlari faoliyatini samarali tashkil etish muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashuvchi, fuqarolar yig‘ini joylashgan hududdagi aholini birlashtira oladigan va o‘ziga ergashtira oladigan nomzodlarni tanlash imkoniyati fuqarolarda doimo mavjud bo‘lishi lozim.
Yangiyer shahar adliya bo‘limi, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bilan hamkorlikda T.Malik mahallasida o‘tkazilgan tadbir fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish maqsadiga qaratildi.
-Saylov – mas’uliyatli jarayon, 2022 yilning may oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu saylovlarda 9 349 nafar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylanishi kutilmoqda,- deydi Yangiyer shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Laziz Hudoyqulov.
Tadbir davomida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amalga oshiriladigan vazifalar, shuningdek “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Muloqot davomida fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida doimiy yashovchi fuqarolar ega bo‘lishi ta’kidlandi.
Seminarda mavzuga oid ko‘rgazmali materiallardan samarali foydalanildi, ishtirokchilarga flayer va bukletlar tarqatildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi