Янгиликлар
Ayol - millat kelajagi, hayot davomchisi
Mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar tizimli davom ettirilmoqda. Sirdaryo viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasida Adliya boshqarmasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi hamda Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish respublika markazining Sirdaryo viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan “Ayol millat kelajagi, hayot davomchisi” mavzusidagi huquqiy targ‘ibot tadbiri bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadiga qaratildi.
Tadbirda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-87-son “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati to‘g‘risida Adliya boshqarmasi bo'ilm boshlig'i Dilnoz Umurzoqova, Ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish respublika markazining viloyat hududiy bo'linmasi rahbari Dilrabo Misirova batafsil ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng O‘zMTDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi Norbobo Soatov jamiyatda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda partiyaning dasturiy maqsad va vazifalariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, tadbirda Guliston shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasi shifokori Osiyo Saidova sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish to‘g‘risida, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Farangiz Abdunabiyeva mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.Tadbir doirasida Sirdaryo viloyati musiqali dramma teatri san’atkorlari, so‘z ustalari Sherzod Kattaboboyev va Xusan Musurmonqulovlarning chiqishlari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. Shuningdek viloyatimizning suyukli shoiri Hayot Shodmon o‘z she’rlari bilan yig‘ilganlarga ma’naviy zavq ulashdi.Psixolog Sharofiddin Malikov tomonidan hayot mazmuni haqidagi trening mashg‘uloti o‘tkazilib, yig‘ilgan ayollarga hayot qadriga yetishning psixologik jihatlari bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Xonanda Surayyo Rahmatova ijro etgan milliy mumtoz ko‘shiqlar tadbir ta’sirchanligi oshirishga xizmat qildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bo‘lib o‘tgan tadbir nafaqat huquqiy savodxonlik, balki ma’naviy-ma’rifiy ruhda keng qamrov kasb etib, barchada yaxshi taassurot qoldirdi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi