Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

O‘qituvchining yetti oylik ovoragarchiligiga chek qo‘yildi


Sayxunobod tumani 3-son umumta’lim maktabi ingliz tili fani o‘qituvchisi X. Qahhorova Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasidan minnatdor. Sababi boshqarma ko‘magi bilan uning huquqlari tiklanib, muammosi ijobiy hal etildi.

Barcha mashmashalar pedagogning oylik ish haqi asossiz ravishda kamaytirilganidan boshlandi. Yanayam aniqrog‘i, pensiya yoshiga yetgan o‘qituvchiga 2021-yilning sentyabr oyidan boshlab mutaxassis o‘qituvchi toifasi uchun oylik ish haqi to‘langan. Vaholanki, X. Qahhorovaga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan 2016 yilda ikkinchi malaka toifasi berilgan.

Mazkur holat xodimning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan muammosi hal bo‘lmagach amaliy yordam so‘rab Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.

Murojaat boshqarma tomonidan o‘rganib chiqilganda, X. Qahhorovaning malaka toifasi uchun to‘lovlar noto‘g‘ri hisob-kitob qilingani ma’lum bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarorining 6-bandida pensiya yoshiga to‘lgan pedagog kadrlar navbatdagi attestatsiyaga jalb etilmaydi, attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugashidan qat’i nazar ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi) saqlab qolinadi hamda mazkur malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha ularga haq to‘lanadi, deb belgilangan.

Shuningdek, ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 6-bandi uchinchi qismida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan pensiya yoshiga to‘lgan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi, deb belgilab qo‘yilgan.

Biroq, tuman xalq ta’limi bo‘limi va umumta’lim maktabi tomonidan huquqni qo‘llash amaliyoti noto‘g‘ri qo‘llanilganligi oqibatida X. Qahhorovaga to‘lanishi lozim bo‘lgan ish haqi noto‘g‘ri hisoblangan.

Shunga ko‘ra, adliya boshqarmasi tomonidan xalq ta’limi boshqarmasiga qonun hujjatlarining buzilishi, uning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Adliya aralashuvi bilan o‘qituvchining yetti oylik ovoragarchiligiga chek qo‘yilib X. Qahhorovaga ikkinchi malaka toifasi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 1 942 021 so‘m (bir million to‘qqiz yuz qirq ikki ming yigirma bir so‘m) miqdorda ish haqi undirib berildi.  


Timur Karimov,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshligi