Янгиликлар
Jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari himoya qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksida bayon etilganidek, yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlod manfaatlarini ko‘zlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishni, tabiiy muhitni asrash va yaxshilashni, xo‘jalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlashdan iborat.
Yer munosabatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Yangiyer shahar hokimligida seminar tashkil qilindi.
Tadbirda Adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari J.Shamirzayev, B.Norbayev, Arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i K.Shodmonov, Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari T.Sultonovlar ma’ruza bilan ishtirok etishdi.
Seminarda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi, “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari mazmun-mohiyati tushuntirildi.Tadbir nihoyasida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi