Янгиликлар
Oqoltin tumanida yer munosabatlarini tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan seminar o'tkazildi
Mamlakatimizda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibi joriy etilgan.
Yangi tartib bo‘yicha endilikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar faqat ijara huquqi asosida ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra ajratiladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar esa, elektron onlayn auksion orqali mulk va ijara huquqi asosida beriladi. Natijada, yerlar berilishida inson omili cheklanib, manfaatlar to‘qnashuviga barham beriladi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Oqoltin tuman hokimligida tashkil etilgan seminarda yer munosabatlarini tartibga solishga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati to‘g‘risida keng ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yer uchastkalarini xususiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan ularga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini sotib olish, shuningdek, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish yo‘li bilan amalga oshirilishi. Ushbu jarayon «Yerxususiylasntirish» AAT orqali amalga oshiriladi.
Tadbirda yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi, yerga oid huquqbuzarliklarning monitoringini yuritish bo‘yicha yaratilgan «E-YER NAZORAT» avtomatlashtirilgan axborot tizimining ahamiyati tushuntirildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga soha xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi