Янгиликлар
Yoshlar yetakchisiga kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilmagan, holatga adliya aralashdi
Xovos tuman 20-son umumta’lim maktabida yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlagan O‘. O‘razaliyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shtat birligi qisqarganligi sababli bekor qilingan.
Ish beruvchi va xodimning kelishuviga muvofiq ogohlantirish muddati ikki oylik kompensatsiya bilan almashtirilgan va tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Biroq, Xovos tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan sobiq yoshlar yetakchisiga kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilmagan.
Shundan so‘ng, O‘. O‘razaliyev to‘lanishi lozim bo‘lgan 4 298 872 so‘m miqdordagi kompensatsiyani undirishda amaliy yordam so‘rab adliya boshqarmasiga murojaat qilgan.
Boshqarma tomonidan mazkur murojaat o‘rganib chiqilganda, mehnat qonunchiligi talablari buzilganligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, fuqaro O‘. O‘razaliyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shtatlar qisqarganligi munosabati bilan maktab direktori buyrug‘i bilan bekor bo‘lgan. Buyruqda xodimga ikki oylik kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan to‘lovlar amalga oshirilmagan.
Oqibatda, adliya boshqarmasi tomonidan xalq ta’lim boshqarmasiga qonun hujjatlarining buzilishi, uning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.
Natijada O‘. O‘razaliyevga 4 298 872 so‘m miqdoridagi ikki oylik kompensatsiya pullarini to‘lab berishi ta’minlandi. Shuningdek, Xovos tuman xalq ta’limi bo‘limi hisobchisiga vazifasiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lganligi uchun xayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Timur Karimov,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i