Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

Sirdaryo tumani hamda Guliston shahrida sud-huquq masalalari bo'yicha ommaviy qabul o'tkazildi


Mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash masalalari yanada takomillashtirilmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan ommaviy qabullar ham bevosita aholi bilan yuzma yuz muloqot qilish, ularning muammolariga yechim topishning muhim omili bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Muxammadiyev Ulug‘bek Islomovich rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan Sirdaryo tumani hamda Guliston shahrida jismoniy va yuridik shaxslar uchun sud-huquq masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan ommaviy qabulda ham aynan aholining muammolari tinglandi.
Kunning birinchi yarmida Sirdaryo tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda Sirdaryo hamda Sayxunobod tumanlari aholisining ushbu sohaga oid murojaat va muammolari o‘rganildi. Sayyor qabul mobaynida Adliya boshqarmasiga 12 ta murojaat kelib tushdi. 

Fuqaro Gulchehra Mirzayeva Sirdaryo tumani “Do‘stlik” mahallasida istiqomat qiladi, boquvchisini yo‘qotgan, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turadi. U Guliston davlat universitetida 2 bosqichda tahsil olayotgan farzandi Zilola Mirzayevani ishga joylashtirishda amaliy yordam so‘radi. Ushbu murojaat bo‘yicha tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga ko‘rsatma berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Yangiobod mahallasida yashovchi fuqaro Ibodat Hakimovaning ham murojaati farzandi Anora Jo‘rayevani ishga joylashtirish yoki ishsizlik nafaqasini berish mazmunida bo‘ldi.
Sayyor qabul jarayonida Fotima Halimovaning tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha qilgan murojaati ijobiy yechim topadigan bo‘ldi. Fotima davlat xizmatlaridan samarali foydalandi, u elektron raqamli imzo oldi.

 Ommaviy qabul kunning ikkinchi yarmida Guliston shahrida davom etdi. Unda Guliston shahar, Boyovut hamda Guliston tuman aholisining muammolari o‘rganildi. Qabul jarayonida adliya boshqarmasiga 10 ta murojaat kelib tushdi.

Guliston shahar “Ma’naviyat” mahallasida yashovchi fuqaro Dilbar Rahmonqulova hamda “Navbahor” mahallasida yashovchi Donoxon Jo‘rayeva “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turadi. O‘zini o‘zi band qilish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida tikuv mashinkasi uchun subsidiya olishda ularga amaliy yordam kerak. Ushbu murojaatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Ommaviy qabulda Alimjon Radjapovning ham muammosi tinglandi. Fuqaro Guliston shahar Suvchilar shaharchasi hududida joylashgan ustaxona va yordamchi binolar uchun kompensasiya puli to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib 2021 yil yanvar oyida Guliston shahar adliya bo‘limiga murojaat qilgan. Adliya bo‘limi tomonidan ushbu murojaat qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan kompensasiya pullari undirilishi belgilangan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar ushbu mablag‘ to‘lab berilmagan.Mazkur murojaat ham o‘rganish uchun ish yurituvga qabul qilinib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Malika Nazarovaning uy-joyga ehtiyoji bor. U hozirda ko‘p qavatli uylarning birida istiqomat qiladi. Sayyor qabulda unga uy-joy uchun subsidiya olish tartibi tushuntirildi. Muammoga esa huquqiy yechim torildi, Malika Nazarova subsidiya olish maqsadida davlat xizmatlariga ariza bilan murojaat qildi.

Sirdaryo tumani hamda Guliston shahrida o‘tkazilgan sayyor qabulda Adliya boshqarmasi tomonidan jami 22 ta murojaat qabul qilindi.

Xususan, uy-joy va yer uchastkasi olish masalasida 2 nafar, pensiya masalasida 1 nafar, tibbiyot sohasi bo‘yicha 1 nafar, ijtimoiy himoya, ish bilan ta’minlash masalada 5 nafar, ta’lim masalasida 3 nafar hamda boshqa masalalarda 10 nafar fuqarolar murojaat qilishdi.

Shundan, 1 ta murojaat ijobiy hal qilindi, 12 ta murojaat bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, 9 ta murojaat ish yurituvga qabul qilindi, 10 ga yaqin fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 

Xulosa o‘rnida aytganda, bugun mamlakatimizda shunday tizim yaratildiki, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy holatini o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etish imkoniyatlari kengaydi. Respublika ishchi guruhining sud-huquq masalalari bo‘yicha aholi vakillari bilan sayyor muloqoti ham ana shunday samarali bo‘ldi.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi