Янгиликлар
Adliya aralashuvi bilan madaniyat xodimlarining ustama haqlari to‘lab beriladigan bo‘ldi
Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlikni amalga oshirish adliya organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, doimiy ravishda boshqarma va tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilish holati yuzasidan o‘rganish va monitoring ishlari amalga oshirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, Oqoltin tuman adliya bolimi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4730-son qarori talablariga rioya etilishi monitoring qilish yo‘li bilan o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida tuman madaniyat bo‘limi tomonidan qaror ijrosi taminlanmasdan kelinayotganligi aniqlandi.
Xususan, tuman madaniyat bo‘limining xodimlari U.Nazarovga 47 007 259 (qirq yetti million yetti ming ikki yuz ellik to‘qqiz) so‘m, X.Xurullayevga 28 131 941 (yigirma sakkiz million bir yuz o‘ttiz bir ming to‘qqiz yuz qirq bir) so‘m ustama haqlari to‘lanmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Vaholanki, “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga asosan 2021-yil 1-yanvardan boshlab hududiy madaniyat boshqarmalari va tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari xodimlariga har oyda qo‘shimcha to‘lovlar, har oylik oziq-ovqat va yo‘lkira pullari to‘lanishi belgilangan.
Natijada, adliya bo‘limi tomonidan madaniyat bo‘limi xodimlari manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Oqoltin tumanlararo sudiga ariza kiritildi.
Oqibatda, qaror ijrosi ta’minlanib, U.Nazarovga 47 007 259 so‘m, X.Xurullayevga 28 131 941 so‘m miqdorda qo‘shimcha to‘lovlar undirilishi yuzasidan sud buyruqlari chiqarildi.
Hokimbek Erkaboyev,
Oqoltin tuman adliya bo‘limi boshlig‘i