Янгиликлар
Yer munosabatlarini tartibga solishda qonuniylikni ta'minlash muhim omildir
So‘nggi yillarda respublikada yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, ularni muhofaza qilish, yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda qayta muomalaga kiritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, jumladan noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari uchrayotganligi bu borada raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali yagona nazorat tizimini joriy etish hamda vakolatli idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yer uchastkalaridan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish, yerlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar talon-toroj qilinishining oldini olish, mazkur jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishda mustahkam huquqiy asosdir.
Mazkur qaror, shuningdek yer munosabatlarini tartibga solishga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh ishtirokida tasdiqlangan reja-jadval asosida joylarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Dastlabki seminar Boyovut tuman hokimligida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari J.Shamirzayev, B.Norbayev, Arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i K.Shodmonov, Qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari T.Sultonovlar ma’ruza bilan ishtirok etishdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi, «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi, “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida atroflicha so‘z bordi.
Uchrashuv mobaynida «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish, yer uchastkasini xususiylashtirishda davlat xizmatlarini ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartiblari batafsil tushuntirildi.
Tadbir savol-javob va munozaralarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga soha xodimlari tomonidan javoblar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi