Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Endi aliment olishda muammo bo‘lmaydi


Aliment lotincha "alimentum" so‘zidan olingan bo‘lib, oziq-ovqat, nafaqa, ta’minot, boqish uchun mablag‘lar ma’nosini anglatadi. Aliment – bu qonunda belgilangan hollarda aliment to‘lashi shart bo‘lgan oila a’zosi (qarindosh)ning oilaning boshqa bir a’zosi(a’zolari)ni moddiy ta’minlash uchun to‘lanadigan mablag‘dir. Aliment majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish aliment oluvchining tabiiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aliment to‘lamagan shaxslarga muayyan cheklovlar, ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan. Shunga qaramay, tahlillar mazkur cheklov va javobgarlik choralari yetarli emasligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan aliment undirilishini ta’minlashda yangi amaliyot joriy etilishi belgilandi.

Endilikda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan va qidiruvga e’lon qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi.

Majburiy ijro etish byurosi huzurida “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilib, sud qarori bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan uch oy ichida belgilangan mablag‘larni undirish imkoni bo‘lmagan hollarda jamg‘arma mablag‘lari qarzdorlikni to‘lash uchun yo‘naltiriladi, keyinchalik sud qarorisiz  qarzdordan undirib olinadi.

Bundan tashqari, aliment bo‘yicha qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash, litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan davlat xizmatlarini vaqtincha ko‘rsatmaslik, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilashni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjati ishlab chiqiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish, aliment oluvchining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.


Dilnoz Umurzoqova,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi boshlig'i