Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Xotin-qizlar ijtimoiy himoyasi oila farovonligi garovidir


So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarga ta’lim olish, kasbiy tayyorlanish, ish, mehnat uchun rag‘batlanish, xizmat yuzasidan ko‘tarilishida teng imkoniyatlar yaratish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar huquqlarini kafolatlash yuzasidan qonunchilik hujjatlari qabul qilinib, bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul-qilinishi ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning tadrijiy davomidir.

Mazkur Farmon bilan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, oliy ta’limga qamrab olish, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanish, tadbirkorlikka jalb etish, kasbga tayyorlash va qayta o‘qitish, shuningdek ayollar salomatligini mustahkamlash borasida qator vazifalar belgilab olindi.

Sir emaski, xususiy sektorda ishlayotgan xotin-qizlarga xomiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanmaslik holatlari ko‘plab muammo va shikoyatlarga sabab bo‘lar edi. Endilikda 2022-yilning 1-sentyabridan boshlab budjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi olti oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol harajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi beriladi.

Shuningdek, 2022-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga 10 million so‘mgacha miqdorda subsidiya ajratiladi. 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan “Biznes ayollar”dasturi ishlab chiqilib, o‘z tomorqasida gul va meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni yo‘lga qo‘yish uchun xotin-qizlarga 35 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etilib, tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping va boshqa turdagi faoliyatni tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli ijaraga beriladi.

Qolaversa, qishloq joylaridagi ayollarni kasbga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish va ish bilan ta’minlash maqsadida 2023-yildan boshlab har yili nodavlat tashkilotlarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 ming baravarigacha grantlar ajratiladi.

Mazkur islohotlardan ko‘zlangan maqsad yurtimizda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarning muammolariga huquqiy yechim topish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish orqali oilalar farovonligini ta’minlash hamda jamiyatdagi barqarorlikni, muvozanatni saqlashdan iboratdir.

X.Sulaymanbekova,

Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ‘ibot va ma‘rifat bo‘limi yetakchi maslahatchsi