Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

“Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash hamda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish: siyosati, ahamiyati, zarurati, tartibi, metodikasi” mavzusida seminar tashkil etildi


Adliya vazirligi tomonidan hududiy adliya organlari, yuridik markazlar hamda viloyat, tuman (shahar) hokimliklari yuridik xizmat xodimlari uchun qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta’sirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish faoliyati bo‘yicha turkum o‘quv-amaliy metodik seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.

“Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash hamda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish: siyosati, ahamiyati, zarurati, tartibi, metodikasi” mavzusidagi navbatdagi seminar Sirdaryo viloyatida tashkil etildi. 

Seminarda Jizzax va Toshkent viloyatlari “ZOOM” platformasi orqali masofaviy shaklda ishtirok etdilar.
Unda adliya vaziri o‘rinbosari A.Karimov hamda Adliya vazirligi mas'ul xodimlari B.Saidbekov, S.Allamurodov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig‘i D. Pardayev, shuningdek BMTning Taraqqiyot Dasturi ekspertlari, xususan, Korrupsiyaga qarshi kurash va samarali boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Khachik Harutyunyan ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ushbu seminarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmat xodimlari hamda hududiy adliya organlari xodimlariga normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash hamda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishning ahamiyati, zarurati va tartibini tushuntirishga qaratilgan.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tartibga solish ta’sirini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta’sirini baholash tizimini joriy etish tartiblari belgilangan. Adliya organlari qonun hujjatlari va ularning loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi. Seminarda mazkur qaror mazmun-mohiyati to‘g‘risida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.  
Tadbir davomida tartibga solish ta’sirini baholashning asosiy prinsiplari va ularning tartibga solish siyosatga ta’siri, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda «aqlli tartibga solish» usullarining roli va bunday tartibga solishni qo‘llash amaliyoti haqida batafsil ma’lumotlar berildi. 
Shuningdek, qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta’sirini baholash va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi, uslubiyoti, soha faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari keyslar orqali amaliy misollar bilan tushuntirib berildi.
Tadbir ochiq muloqot tarzida, savol-javob va munozaralarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholash hamda ularni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar xususida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tadbir ishtirokchilarni qonun hujjatlarini tartibga solish ta’sirini baholashga oid bilim, malaka va amaliy ko‘nikmalarini oshirishda hamda ushbu sohadagi xalqaro amaliyot bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.


Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi