Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida milliy qonunchilik va xalqaro me’yorlar


Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalalari O‘zbekiston Respublikasining 200 dan ortiq (Konstitutsiya, 40 dan ortiq qonun, 160 dan ortiq qonunosti hujjatlari) normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinib kelinmoqda.

Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush faoliyatining cheklanganligini baholash asosida, ularning ijtimoiy yordam va himoyaga bo‘lgan ehtiyojlari hisobga olinishi ta’minlanishini, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish dasturlari amalga oshirilishini, ularning jamiyat bilan uyg‘unlashishi uchun sharoitlar yaratilishini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini kafolatlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 01.12.2017-yildagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5270-son Farmoni, 05.05.2018-yildagi Farmon bilan tasdiqlangan «Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi», 22.06.2020-yildagi Farmon bilan tasdiqlangan «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi»ni shular jumlasiga qo‘shish mumkin.

Eng muhimi, Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev 22.02.2021-yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etib, O‘zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagan.

Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 28.04.2021-yildagi qarori bilan «Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti» tasdiqlanib, 01.08.2021-yildan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatila boshlangan.

Yoki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Hukumat huzurida doimiy faoliyat yurituvchi Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil qilingan hamda 29.05.2021-yilda Oliy Majlis Senatining majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida»gi Qonun loyihasi muhokama qilinib, tasdiqlangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan 01.12.2017-yilda tasdiqlangan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5270-son Farmonining ahamiyatini alohida ta’kidlash lozim.

Qayd etilgan Farmonga muvofiq «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar» dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, bunda, nogironlikni barvaqt aniqlash va oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish sohasidagi ishlarning samaradorligiga alohida e’tibor qaratilib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning bir qator asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, 15.10.2020-yilda 49 moddadan iborat «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan bo‘lsa, 21.12.2021-yilda Respublika Prezidentining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-57-son Qarori ham qabul qilinganligi ushbu toifa shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi salmoqli qadamlardan biri hisoblanadi.

Bunga qadar, Davlatimiz rahbarining 09.08.2021-yildagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-5217-son qarori bilan 01.05.2022-yildan boshlab «Ijtimoiy xizmat» elektron platformasi ishga tushirilishi belgilangan edi.

Yana bir muhim hujjatlardan biri 28.01.2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»giPF-60-son Farmoni bo‘lib, mazkur Farmon bilan «Harakatlar strategiyasidan-Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi» va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.

Taraqqiyot strategiyasining IV-bob 66-maqsadiga ko‘ra,(Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish) nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda teng sharoitlarni va ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilashning shaffof, zamonaviy uslub va mezonlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan o‘zaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda bo‘lishi, shahar yo‘lovchi transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini ta’minlovchi inklyuziv ta’lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish, nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tishdan iborat muhim vazifalar belgilab berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.02.2022-yildagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-74-son Farmoni bilan 2022-yil 1-apreldan boshlab mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda-440.000 so‘mdan 622.000 so‘mgacha oshirilishi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500.000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi joriy etilishi belgilanib, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxati tasdiqlandi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish borasida bir qator xalqaro hujjatlar ham qabul qilingan.

Masalan, «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»da har bir inson irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoxud boshqa e’tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy yoxud tabaqaviy yoki boshqa sharoitidan qat’i nazar, barcha huquqlar va erkinliklarga ega bo‘lishlari shartligi qat’iy belgilangan bo‘lib, bu qoidalar nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham bevosita va to‘la taalluqlidir.

BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan 13.12.2006-yildagi 61/106-rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya», «Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga Fakul’tativ protokol» xalqaro hujjatlarning eng asosiylaridan biridir.

Qayd etilgan normalarda nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini va bu huquqlardan boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlash tamoyillari belgilab qo‘yilgan.

«Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya»ni bevosita dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar Konstitutsiyasi deb hisoblash mumkin.

Konvensiya 50 ta moddadan iborat bo‘lib, unda nogironlarning huquqlari va asosiy erkinliklari, y’ani ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta’lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, siyosiy, ijtimoiy, madaniy hayotda, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanishda ishtirok etish, o‘zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari e’tirof etilib, ushbu huquqlarni amalga oshirishning kafolatlari belgilangan.

Har bir fuqaro nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni, ularni har jabhada qo‘llab-quvvatlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yishi vabuni asosiy insoniylik burch deb hisoblashi zarur.

B.S.Pakirov, 

Sardoba tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsul’ti