Янгиликлар
kontrafaktsiz_oy Harbiy xizmatchilarning huquqiy bilimlari oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk ob’yektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4965-son qaroriga asosan respublika bo‘ylab har yili bir marta 15 fevraldan 15 martga qadar kontrafakt mahsulotlar realizasiyasiga qarshi real samarali kurashishni ko‘zda tutuvchi hamda targ‘ibot-tashviqot ruhi bilan sug‘orilgan “Kontrafaktsiz oy” oyligini o‘tkazish belgilangan.
Ushbu oylik doirasida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk himoyasi markazi hamkorligida Mirzaobod tumanida joylashgan 532-SCHR batalonida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Harbiy xizmatchilar bilan bu galgi uchrashuv ochiq muloqot, savol-javob tarzida esda qolarli bo‘ldi. Boisi, tanlangan mavzu dolzarb va hayotiy, har birimiz iste’molchi va xaridor.
Tadbirda so‘z olganlar kontrafakt mahsulotlari inson hayoti va sog‘lig‘iga, davlat rivoji va tinchligiga, farovonligiga jiddiy xavf solishi mumkinligini alohida ta’kidladilar.
Darhaqiqat, kontrafakt va xufiya import iqtisodiy xavfsizlikka zarar yetkazadi, bozorning insofli ishtirokchilariga bevosita zarar olib keladi, iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladi. Kontrafaksiya, ya’ni boshqaning qonuniy brendidan foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarish javobgarlikka sabab bo‘ladi. Tadbir mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir qizg‘in savol-javob va munozarlarga boy bo‘ldi. Muloqot mobaynida harbiy xizmatchilarni qiziqtirgan barcha savollariga soha xodimlari tomonidan tegishli javoblar berildi hamda uch turdagi – “Kontrafakt oziq-ovqat mahsulotlari”, “Kontrafakt dori vositalari” va “Kontrafakt alkogol mahsulotlari” kataloglari tarqatildi.
Mamlakatimizda kontrafakt mahsulotlariga, intellektual mulk buzilishiga qarshi kurash keskin davom etmoqda.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi