Янгиликлар
So'ragan edingiz...
Savol: Mehnat daftarchasini yo‘qotganim uchun pensiyaga chiqolmayapman. Mehnat daftarchasini qanday tiklash mumkin?
A.Qarshiboyev, Mirzaobod tumani
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy ta’minot vazirligi tomonidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma”da (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 29-yanvarda 402-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) mehnat daftarchasi yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda, shuningdek, foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib qolgan (yirtilgan, yongan, yozuvlari bo‘yalgan) hollarda mehnat daftarchasining dublikati xodimning oxirgi ish joyidan beriladi, deb ko‘rsatilgan.
Ushbu yo‘riqnomaga ko‘ra, Mehnat daftarchasini yo‘qotgan shaxs bu to‘g‘rida zudlik bilan oxirgi ish joyiga yozma xabar berishi lozim. Xabarnomadan so‘ng 15 kundan kechiktirmasdan ish beruvchi xodimga birinchi betini yuqori qismining o‘ng tomoniga “Dublikat” deb yozilgan holda yangi mehnat daftarchasini berishi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentabrdagi 252-son qarori asosida tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan qabul qilingan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 59-bandida mehnat daftarchasi mavjud bo‘lmagan taqdirda, shuningdek, mehnat daftarchasida zarur yozuvlar bo‘lmagan yoki mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risida noto‘g‘ri va noaniq yozuvlar mavjud bo‘lgan hollarda ish stajini tasdiqlash uchun (ish bilan band shaxsning ish stajidan tashqari) ma’lumotnomalar, buyruqlardan ko‘chirmalar, shaxsiy hisobvaraqlari va ish haqi berish uchun vedomostlar, mehnat shartnomalari (kontraktlar), arxiv ma’lumotnomalari va mehnat faoliyati davrlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar asosida qabul qilinishi ko‘rsatilib o‘tilgan.
Siz yuqorida keltirilgan ushbu hujjatlarni topa olmasangiz, ularni davlat arxividan olishingiz mumkin.
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi Nizomining 23-bandi 2-xatboshisida nodavlat korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalar tugatilganda yoki shaxsiy arxiv hujjatlari egasi vafot etganda, vorislar va qonuniy merosxo‘rlar bo‘lmaganda ularning hujjatlari davlat mulkiga o‘tkazilib, doimiy saqlash uchun davlat arxivlariga topshirilishi belgilab qo‘yilgan. Nizomning 22-bandida esa ushbu hujjatlar davlat arxividan yo‘q qilinishi mumkin emasligi ko‘rsatilgan.
Siz davlat arxividan kerakli hujjatlarni topa olmasangiz, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2012-yil 25-yanvardagi 2-Q-son qarori bilan tasdiqlangan “Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ning 58-bandiga asosan, ish stajining belgilanishini so‘rab viloyatlar, tumanlar (shaharlar)ning mahalliy davlat hokimiyati organlari (hokimliklar) tomonidan tashkil etiladigan ish stajini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiyalarga murojaat qilishingiz mumkin.
Shuningdek, Siz tuman pensiya jamg‘armasidan pensiya nafaqasini olishi kechikkani uchun, arxiv idoralari kerakli hujjatni o‘z vaqtida topib bermaganligi natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirish uchun Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga ham murojaat qilishingiz mumkin.
Savolga Inson huquqlarini himoya qilish bo'limi bosh maslahatchisi To'lqin Turdibekov javob berdi