Янгиликлар
"Xotin-qizlar huquqlari bo'yicha dolzarb ikki oy" tadbirlari doirasida Sirdaryo tumanida seminar va sayyor qabul o'tkazildi
Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning fevral-mart oylari “Xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha dolzarb ikki oy” deb e’lon qiliningan bo'lib, oylik doirasida xotin-qizlarga ularning huquqlarini tushuntirish va ularga yaratilgan imtiyozlar haqida xabardor qilish bo‘yicha joylarda o‘quv-seminarlari, sayyor qabullar va boshqa tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ana shunday tadbirlardan biri Sirdaryo tumanida tashkil etildi. Adliya boshqarmasi, tuman adliya bo‘limi hamda mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi hamkorligida o'tkazilgan mazkur tadbir 2 qismdan iborat bo'lib, dastlab seminar tarzida xotin-qizlarning qonunchilikda belgilangan huquqlarini tushuntirish maqsadiga qaratildi.
Tadbirda so'z olganlar xotin-qizlarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlari, yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyatda tutgan o‘rni va nufuzini yanada oshirishga qaratilgan e'tibor va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o'z-fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu konstitusiyaviy norma bugun hayotimizning barcha jabhasida tom ma’noda o‘z ifodasini topmoqda.
Seminarda tuman adliya bo'limi bosh maslahatchisi Sodiqjon Hamroyev tomonidan gender tengligi, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ayollarning mehnatga oid huquqlari, ayollarni monomarkazlarda kasbga qayta tayyorlash, ayollarni ijtimoiy himoya qilish, oilada ayollar va bolalar huquqlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
Shundan so'ng xotin-qizlar uchun sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabulda tuman adliya bo'limi, "Madad" NNT huquqiy maslahat byurosi, Ichki ishlar boshqarmasi, Aholi bandligiga ko'maklashish markazi, Pensiya jamg'armasi tuman bo'limlari mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir mobaynida uy-joyni rasmiylashtirish, pasport olish, moddiy yordam, aliment undirish, pensiya, nafaqa tayinlash, shuningdek, oilaviy munosabatlarga oid murojaatlar qabul qilinib, har bir murojaat bo'yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, o'rganish muddat talab qiladigan 10 ta murojaat adliya bo'limi tomonidan ish yurituvga olindi.
-Tumanimizda 131800 nafar aholi bo'lib, shundan 65800 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. Bugungi tadbirga huquqiy maslahatga ehtiyoji bor ayollarimizni jamladik. Tadbir samarali bo'ldi, ayollarimiz o'zlarini o'ylantirib kelayotgan savollari bilan murojaat qilishdi, huquqiy maslahatlar olishdi, - deydi Sirdaryo tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo'yicha maslahatchisi Munojat Sharipova.
"Xotin-qizlar huquqlari bo'yicha dolzarb ikki oy" tadbirlari davom etmoqda.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi