Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

14

Korrupsiya - taraqqiyot kushandasi


So‘nggi yillarda butun dunyoda iqtisodiy, ijtimoiy hamda siyosiy jihatdan rivojanishlarning asosiy kushandasi o‘laroq korrupsion omil xizmat qilmoqda. Ushbu omil dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biriga aylandi. Shuningdek mazkur illatning kurtak yoyishi inson huquq va erkinliklarining poymol qilinishiga va jamiyatdagi sog‘lom rivojlanish muhitini zararlanishiga olib keladi. Shu sababdan korrupsiya hamda uni keltirib chiqaruvchi omillarga qarshi kurashish keng miqyosda xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olmoqda. 

Bu illatni keltirib chiqaruvchi omillar bir nechta hisoblanadi, mazkur sohada ilmiy izlanish olib borgan ba'zi bir tadqiqotchi olimlar hamda siyotsatchilarning fikrlariga ko‘ra korrupsiyani yuzaga keltirishning omili o‘laroq uni korrupsion harakatlarni vujudga keltirish talabi hamda korrupsion harakatlarni amalga oshirish taklifi tashkil etadi. Ushbu ikki omil o‘z ichiga a) buyrokratik to‘siqlarning mavjudligi b) jamiyatda mehnatga haq to‘lashning oylik miqdori, c) qonunchilikda korrupsion jinoyatlarni sodir etganlik uchun belgilangan jazolarning darajasi, d) jamoatchilik nazoratining qay darajada o‘rnatilganligi hamda qonunlar va jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalaridagi shaffoflik kabi bir necha faktrlarni qamrab oladi.

Shulardan birinchisi davlat boshqaruvida buyrokratik to‘siqlarning mavjudligi omilidir. Joriy faktrning mavjudligi fuqarolarning jamiyat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda ishtirokida ovoragarchiliklarni hamda qog‘ozbozliklarni keltirib chiqaradi. Ushbu holatda o‘z-o‘zidan munosabat ishtirokchilarida yuzaga kelgan muammolar yechimi o‘laroq korrupsion harakatlar o‘rtaga chiqadi. Bizning jamiyatimizda ham buyrokratik to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirildi, xususan davlat organ hamda tashkilotlarining faoliyat jarayonlari zamonaviy texnologiyalar orqali raqamlashtirila boshlandi shuningdek jamiyat hayotida ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31-yanvardagi 70-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-sonli “Aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilinib, joriy farmoning 4-bandi bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha ovoragarchilik hamda qog‘ozbozlik holatlariga sabab bo‘layotgan 18-turdagi hujjatlarni 2021-yil 1-iyundan boshlab davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalaridan aholi, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan talab qilish tartibi bekor qilinib, mazkur hujjatlarni davlat organlari hamda tashkilotlari tomonidan Idoralararo integratsiya platformasidan foydalangan holda “elektron hukumat” tizimi orqali olish amaliyoti joriy etildi.

Davlat va jamiyat hayotida korrupsiyon harakatlarni keltirib chiqarishga xizmat qiluvchi muhim omillardan yana biri oylik mehnatga haq to‘lashning miqdor darjasi bilan bog‘liq. Joriy faktr ko‘pgina mutaxasislar tomonidan tahlil qilingan. Misol uchun Shvetsiyalik iqtisotchi olim Assar Lindbeck o‘z tahlillari natijasida Shvetsiya davlatchiligida korrupsion jinoyatlarni keskin kamayishining asl sababini davlat organ hamda tashkilotlaridagi yuqori lavozimli shaxslarning shuningdek davlat lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlarining oylik maoshlarini 12-13 baravarga oshirilishi bilan izohlaydi. U o‘z qarashlarida korrupsion harakatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy omil sifatida muhtojlik hamda ehtiyojni ilgari suradi. Mazkur ikki omilning ta’siri jamiyat hayotida ayniqsa davlat organ hamda tashkilotlarida faoliyat yurituvchi xodimlarda kuchsiz darajada bo‘lishi korrupsion harakatlar omilini qisqartiradi deb ta’kidlagan. Ayrim bir davlatlarda (Argintina, Peru, v.b) bojxona hamda soliq organlarida oylik to‘lanadigan mehnat haqlari oshirildi. Bundan tashqari ushbu davlatlarda xodimning aqliy salohiyati, sermahsulligi hamda vijdonliyligiga qarab turli xil maoshlar tayinlandi. Hozirgi davrda rivojlangan davlatlardan biri bo‘lmish Singapur davlatida esa oylik maosh bilan bog‘liq siyosati yuqori lavozimda faoliyat yurituvchi mansabdor shaxslarning korrupsion harakatlarni amalga oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini kamaytirishga qaratildi va tez fursatda Singapur dunyo bo‘yicha yuqori lavozimda faoliyat yurituvchi mansabdor shaxslar eng ko‘p maosh to‘lanadigan davlatlardan biriga aylandi. Bu orqali hukumat yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatuvchi shaxslarning o‘z lavozimi hamda obro‘ e’tiborini xavf ostiga qo‘yib korrupsion harakatlarni amalga oshirish tavakkalchiligini sezilarli darajada qisqartirdi. Albatta oylik mehnatga haq to‘lashning miqdorining oshirilishining o‘zi muammoning yechimi hisoblanmaydi, ushbu omil faqatgina jamiyatda korrupsion jinoyatlarga qarshi adolatli hamda qat’iy javobgarlik belgilangan qonunchilik tizmi bilan o‘zaro mutanosiblik hosil qilgandagina o‘z ahamiyatini ko‘rsatadi. Korrupsion jinoyatlarga qarshi adolatli hamda qat’iy javobgarlik belgilangan qonunchilik tizmining mavjudligi keyingi muhim faktrlardan biri hisoblanadi.

Barcha davlatlar singari mamlakatimizda ham korrupsion jinoyatlarga qarshi kurashish borasida qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan 2020-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmon asosida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurash Agentligi tashkil etildi.

2021-yilda Prezidentimizning “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi. Joriy farmon asosida korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlari kengaytirildi hamda korrupsion jinoyatlarga qarshi kurashishning kompleks tizimi ishlab chiqildi. Shuni ham qayd etish lozimki, olib borilayotgan islohotlarni amaliy hayotga tatbiq etish maqsadida 2020 yil 4 fevralda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha idoraviy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, fuqarolar va yuridik shaxslar vakillari tomonidan korrupsiya haqida xabar berish mexanizmlari joriy etish maqsadida Ombudsmanning “10-96” ishonch telefoni va virtual qabulxonasi faoliyat yuritmoqda.

Davlat boshqaruvida hayotida shaffoflikni ta’minlash hamda davlat xizmatchilari orasida korrupsion jinoyatlarni kamaytirish maqsadida mazkur farmoning 4-bandiga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etildi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda transport vositalariga davlat raqam belgilarini berish, notariat va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatish, yer uchastkalarini ajratish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish kabi ko‘plab sohalarda korrupsiya va suiiste’molchiliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etildi. Korrupsion jinoyatlarga qarshi kurashish tizimida yana bir usul bu ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ishlash orqali jamoatchilik ongida korrupsion jinoyatlarga qarshi qarashlar hamda g‘oyalarni shakllantirish hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiya taraqqiyotga tahdid, davlatimiz rivojlanishiga to‘siq. Bu illatga qarshi kurashishda befarq bo‘lmaslik kerak. Yangicha fikrlash, korrupsiyaga undovchi omillarni ochiqchasiga muhokama qilish orqali uning ildizini quritish mumkin.  


Farruh O'ralov,

Guliston shahar adliya bo'limi yetakchi maslahatchisi