Янгиликлар
Shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, shartnomaviy munosabatlar tubdan takomillashtirilmoqda
Bozor sharoitlarida shartnoma erkinligi fuqarolik huquqini hal qiluvchi negizi sifatidana moyon bo'ladi, bunda shartnoma taraflarni munosabatlarga haqiqatan ham erkin, o'z tashabbusi bilan kirayotganligini ifodalaydi. Shartnoma mustaqil sub'ektlarning xo'jalik aloqalarini tashkil etishning asosi hisoblanadi. Shartnoma erkinligi taraflarni shartnomaviy munosabatlarga kirish ishga haqiqiy istagi va erk izhori birinchidan, shartnomani tuzish harakatlarida, ikkinchidan, shartnoma shartlarini belgilash harakatlarida, uchinchidan esa shartnoma majburiyatlarini bajarish bo'yicha harakatlarida namoyon bo'ladi. Shartnomalar erkinligi tamoyili FKning 354-moddasida mustahkamlab qo'yilgan bo'lib, unga ko'ra “Fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar”.
Yuqorida ta'kidlanganlarni tasdig'i sifatida mamlakatimizda bu turdagi munosabatlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari muntazam ko'rib borilgani holda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 sentyabrda qabul qilingan “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6313-son Farmoni qabul qilinib, mazkur hujjat fuqarolik-huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish, ayrim shartnomalarni tuzishda o'rnatilgan sun'iy cheklovlarni olib tashlash, shuningdek, shartnomaviy munosabatlarda axborot tizimlaridan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi.
Unga ko'ra, 2021 yil 1 dekabrdan tegishli vazirlik va qo'mitalarning quyidagilarni bekor qilish haqidagi taklifiga rozilik berildi:
Tijorat banklariga yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, ko'rsatilgan xizmatlar) uchun to'lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo'yilgan ta’qiqni;
Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo'lgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko'rsatish) to'g'risida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan to'lovni belgilashga doir talabni;
Qishloq xo'jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o'rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talabni.
Bundan tashqari, Farmon talablariga muvofiq 2022 yil 1 yanvardan xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan davlat xaridlari bilan bog'liq tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda korruptsiyaga qarshi qo'shimcha shartlar belgilanishi, communal soha, energiya bilan ta'minlash, aloqa xizmati, yo'lovchi va yuklarni tashish va boshqa shu kabi katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan sohalarda tabiiy monopoliya sub'ektlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy shartnomalar monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilganidan so'ng iste'molchilar bilan tuzilishi belgilandi.
Shuningdek namunaviy shartnomalarni qonun osti hujjatlar bilan tasdiqlash amaliyoti bekor qilindi. (qonun bilan to'g'ridan-to'g'ri taraflar uchun majburiy bo'lgan namunaviy shartnomalar tasdiqlanishi nazarda tutilgan holler bundan mustasno)
Bugungi kunda Farmondan kelib chiqib, amaliyotda eng ko'p qo'llaniladigan shartnomalar namunalari «yurxizmat.uz» maxsus axborot portaliga joylashtirilgan bo'lib, barcha xo'jalik yurituvchi sub'ektlari va jismoniy shaxslar tomonidan mazkur shartnoma namunalaridan foydalanilishi mumkin bo'ladi.
Bir so'z bilan aytganda, qonun hujjatlariga kiritilayotgan barcha o'zgartirishlar, yangiliklar bozor munosabatlari sharoitida ishtirok etuvchi taraflarning huquq va erkinliklarini mustahkam himoyasini ta'minlash, ularga qo'shimcha qulayliklar yaratilishi orqali mamlakat iqtisodiyotini yanada barqaror rivojlantirish, bu orqali insonlarning farovon hayot tarzini ta'minlashga qaratilgan deb bemalol aytish mumkin bo'ladi.
A.Sheraliev,
Sardoba tumani Yuridik xizmat ko'rsatish
markazi bosh yuriskonsul`ti