Янгиликлар
11
Navoiyning asarlaridan
Bo‘y sochadi ilohiy, cho‘ng gul.
Unga qo‘ngan asalaridan
Qanot tilab uchadi ko‘ngil.
Unda qushlar odamlar kabi
So‘zlaydilar o‘zni unutib
Va qushlardek, odamlar labi
Kuylay boshlar so‘zni unutib.
Unda shohlar tarashlaydi tosh,
Tog‘ni kesib o‘tadi doston.
Tojdan chiqib, yuksalganda bosh
O‘pib qo‘yar egilib osmon.
Unda falak o‘z tasbehini
Misra qilib o‘giradi jim:
G‘azaldagi xushbo‘y behini
Islab yashar Hadichabegim.
Unda Hirot doim qushuyqu,
Samarqandni izlaydi tushdan.
Vatan degan qadimiy qayg‘u
Kuylab turar ming yillik ishqdan.
Ashraqatni ko‘rasan unda,
Ilohiy nur ochar ko‘zingni:
Anglaysanki, dunyoi dunda
Tanimabsan hali o‘zingni.