Янгиликлар
Adliya ko'magi bilan fuqaro tugʻilganlik guvohnomasini oldi
Alisher yaqinda 18 yoshga toʻladi. Biroq, uning tugʻilganligi rasman qayd etilmagan. Boisi u uy sharoitida dunyoga kelgan.
Odatda tugʻilganlik haqidagi guvohnoma moliyaviy qiyinchilik, eʼtiborsizlik, ota-onaning hujjatlari (pasporti yoʻqligi, nikoh qayd etilmaganligi)ning mavjud emasligi va boshqa sabablarga koʻra olinmaydi. Bu esa kelgusida bola uchun nafaqa va fuqarolikni olish, bogʻchaga, maktabga, hattoki sifatli tibbiy yordam olishida ham muammo va ovoragarchiliklarga sabab boʻladi.
Shunday boʻldi ham, Alisher uchun oʻz vaqtida tugʻilganlik haqidagi guvohnoma olinmaganligi ancha sarsongarchilikka sabab boʻldi.
Gulchehra Botirova farzandining tugʻilganlik faktini belgilab, guvohnoma olishda amaliy yordam soʻrab Yangiyer shahar adliya boʻlimiga murojaat qildi.
Mazkur murojaat boʻlim tomonidan qonun talablari asosida oʻrganildi, barcha zarur hujjatlar toʻplanib, fuqarolik ishlari boʻyicha Guliston tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Adliya boʻlimi koʻmagi bilan Alisher Botirov 2022-yil 1-fevral kuni tugʻilganlik guvohnomasini oldi.
- Anchadan beri bizni qiynab kelayotgan muammoni hal qilib bergani uchun Yangiyer shahar adliya boʻlimidan minnatdormiz, - deydi Gulchehra Botirova.
Barchaga ayon, Tugʻilganlik haqidagi guvohnomaning mavjud emasligi bola rasman yoʻq, hech qayerda qayd etilmagan deganidir. Ushbu hujjat bolaning fuqaro sifatida huquqiy maqomini belgilaydi. Alisher ham endi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, mamlakatda fuqarolar qanday huquqlarga ega boʻlsa u ham xuddi shu huquqlarga egalik qiladi.
Laziz Xudoyqulov,
Yangiyer shahar adliya boʻlimi boshligʻi