Янгиликлар
Sardoba tumani “Zomin” mahallasida sayyor qabul oʻtkazildi
Fuqarolarning murojaat qilish huquqi inson huquqlari taʼminlanishi va samarali himoya qilinishining muhim omillaridan biridir. Shu bois milliy qonunchiligimizda fuqarolar murojaatlari masalasiga alohida oʻrin berilgan. Zero, qonun talablariga rioya qilgan holda murojaat qilish jamiyatimizda qonun ustuvorligining taʼminlanishiga, huquqiy madaniyatning shakllanishiga xizmat qiladi.
Adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari v.b. A.Shayjigitov Sardoba tumanidagi ogʻir hududlardan biri - “Zomin” mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi.
Sayyor qabulda, suyultirilgan gazni oʻz muddatida yetkazib berish, pensiya taʼminoti, nafaqa tayinlash, bola puli, moddiy yordam olishda yordam berish kabi masalalarda aholidan 20 ta murojaat kelib tushdi.
Jumladan, fuqarolar Nodira Oʻsarova 2004-yilda tugʻilgan farzandi Asror Аliqulovning pasportida xatolik boʻlganligi sababli yangisiga almashtirish, Moʻtabar Qoʻziboyeva yashab turgan xonadonining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, Zamira Bekmurodova nafaqa tayinlash masalasida amaliy yordam soʻradi.
Raʼno Qulbekovaning eshitishda nuqsoni borligi sababli nogironlik pensiyasi tayinlanishida koʻmak berishni soʻrab qilgan murojaatiga “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Fuqaroga shu joyning oʻzida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi Sardoba tuman boʻlimi tomonidan eshitish moslamasi topshirildi.
Sayyor qabulda Xoliqul Oʻsarovning murojaati ham ijobiy hal boʻldi, fuqaroga hassa topshirildi.
Ayollar daftarida turgan, anchadan buyon ishsiz boʻlgan Nargiza Mavlonovaning muammosiga ham tadbir davomida yechim izlandi, jamoat ishiga jalb qilindi.
Sayyor qabul jarayonida aholini qiynab kelayotgan shu va boshqa hayotiy muammolari eshitilib, 3 ta murojaat qanoatlantirildi, 9 ta murojaatga joyida huquqiy tushuntirish berildi, 8 ta murojaat oʻrganish uchun ish yurituviga olindi.
Sayyor qabulda tuman adliya boʻlimi, xalq qabulxonasi, tuman byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi va bir qator mutasaddi tashkilotlar masʼul xodimlari ishtirok etdilar.
Xulosa oʻrnida aytganda, sayyor qabul aholi murojaatlari bilan ishlashda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi