Янгиликлар
Har bir murojaat adliya e'tiborida
Prezidentimizning 2020-yil 26-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4730-sonli Qarori ijrosi Guliston shahar adliya boʻlimi tomonidan monitoring qilindi.
Yangicha baholash tizimining tashkil etilishi, unda rahbarlarning oʻz ishini masʼuliyat bilan bajarish barobarida eng yaxshi ishlaydigan xodimlarni ragʻbatlantirish va qoniqarsiz ishlayotganlarni egallab turgan lavozimidan ozod qilishgacha boʻlgan meʼyorlarning belgilanishi, har bir rahbar va mutaxassisni sidqidildan mehnat qilishga undaydi.
Aniqlanishicha, shahar madaniyat boʻlimining masʼul xodimlariga nisbatan har oylik oziq-ovqat, yoʻlkira xarajatlari hamda koʻp yillik mehnati uchun ragʻbatlantirish pullari toʻlanishi yuzasidan berilgan maʼlumotnomaga asosan 2021-yil yanvar- noyabr oylari uchun G.Karimovga— 15 million 652 ming 608 soʻm, S.Toʻxtayevga — 14 million 567 ming 100 soʻm, I.Karimovga — 14 million 567 ming 100 soʻm, M.Musayevga— 11 million 922 ming 504 soʻm miqdoridagi toʻlovlar Prezidentimizning 2020-yil 26-maydagi 4730-sonli Qarori talablariga zid ravishda toʻlab berilmagan.
Shuningdek, Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A. Fayzullayevning “Guliston ekstrakt yogʻ” aksiyadorlik jamiyatidan oxirgi uch oy davomida ish haqini ololmayotganligi haqidagi murojaati ham oʻrganilib, haqiqatan ham A. Fayzullayevga 10 million 14 ming 123 soʻm ish haqi toʻlab berilmaganligi aniqlandi. Tegishli hujjatlar toʻplanib, fuqarolik ishlari boʻyicha Guliston tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sudning buyrugʻiga koʻra qayd etilgan summa fuqaro manfaati foydasiga undirilishi belgilandi.
Xuddi shu tartibda “Guliston ekstrakt yogʻ” aksiyadorlik jamiyatida ishlayotgan X. Abdullayev foydasiga 8 million 664 ming 612 soʻm, N.Abdujabbarov foydasiga 17 million 72 ming 908 soʻm, Sh.Tajibayev foydasiga esa 12 million 919 ming 640 soʻm oylik ish haqlari undirilishi belgilandi.
Nazar Qarshiboyev, Guliston shahar adliya boʻlimi boshligʻi