Янгиликлар
Bir_murojaat_izidan
Guliston tumani “Ibrat” mahalla fuqarolar yig‘ini “Shodiyona” ko‘chasida yashovchi fuqaro M.Usmanovaga tegishli choyxona binosi hokim qarori bilan buzib tashlandi.
M.Usmanova buzilgan binoning qiymatini to‘lab berish yoki avvalgisiga teng qiymatda bo‘lgan boshqa bino ajratishni so‘rab Guliston tuman hokimligiga bir necha bor murojaat qildi.
Biroq, mahalliy budjet hisobraqamida mablag‘ yo‘qligi haqidagi vaj bilan uning murojaatlari ijobiy hal etilmadi.
Shundan so‘ng, fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan mulkning buzilishi natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirishda amaliy yordam so‘rab Guliston tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Mazkur murojaat bo‘lim ish yurituviga olinib, o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, M. Usmonovaga tegishli bo‘lgan tuman istirohat bog‘ida joylashgan mazkur bino 2016-yilda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, kadastr hujjati rasmiylashtirilgan.
Guliston tuman hokimining 23.02.2018-yildagi qarori bilan davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun buzilishi belgilangan.
“Guliston baholash konsalting” MChJ tomonidan tuzilgan 844-sonli hisobotga ko‘ra М. Usmanova Mohiraga tegishli bo‘lgan nizoli bino 504.683.307 so‘mga baholangan.
Biroq, tuman hokimligi tomonidan mazkur binoning qiymatini to‘lab berish yoki avvalgisiga teng qiymatda bo‘lgan boshqa binolar ajratib berish chorasi ko‘rilmagan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi 4-bandiga ko‘ra “Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash yoki dov-daraxtlarni qo‘porib tashlashga zararning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘la qoplanmaguniga qadar yo‘l qo‘yilmaydi” deb belgilangan.
Bundan tashqari, nizoli binoning buzilish davrida amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari qo‘pol ravishda buzilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, adliya bo‘limi tomonidan Mohira Usmanova manfaatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritildi.
Natijada, M.Usmanova foydasiga Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish hududiy jamg‘armasining Sirdaryo viloyat moliya boshqarmasi g‘aznachiligida ochilgan shaxsiy hisobraqamida jamg‘arilgan mablag‘lar hisobidan 504.683.307 (besh yuz to‘rt million olti yuz sakson uch ming uch yuz yetti) so‘m miqdorda kompensatsiya undirish yuzasidan hal qiluv qarori chiqarildi.
O.Bozorov,
Guliston tuman adliya bo‘limi boshlig‘i