Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi


So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy yetimlikning oldini olish, aholi va yoshlar orasida sog‘lom oila qurishga mas’uliyat bilan yondashishni targ‘ib qilish, oilaviy qadriyatlarga ma’naviy-axloqiy munosabatni shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda mustahkam huquqiy asos bo‘ldi.  

Qaror bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning aniq tartibi belgilandi.

Qarorga muvofiq o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.  Mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi.  Shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joylar bilan ta’minlash “onlayn-navbat” tizimi asosida amalga oshiriladi, bunda mazkur navbatga o‘zgartirish kiritilishiga hamda navbatidan oldin keyingi navbatdagi bolalarga uy-joy ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

E’tiborlisi, xalq ta’limi vazirligi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joy bilan ta’minlanishi holati haqidagi har oyda yangilanadigan ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.

Bundan tashqari,  yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda joylashtiriladi. Bu esa ularning ta’lim olish imkoniyatiga alohida e’tibor berilayotganidan darakdir.

Yana bir muhim jihat, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular texnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida har o‘quv yilida bir marotaba o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida subsidiyalar ajratilib, o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining nodavlat ta’lim tashkilotlarining xorijiy tillar, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshiriladigan 2 ta fan, oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodxonligi va o‘zlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yo‘nalishlar bo‘yicha kurslarida o‘qish xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bir yilda bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha miqdorda kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘qishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan stipendiya to‘lovlari 50 foizga oshirilgan holda to‘lanadi.

Ta'kidlash joiz, yurtimizda so‘nggi uch yilda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Bu ezgu sa’y-harakatlar ushbu soha davlatimiz tomonidan doimiy e’tiborda ekanligidan dalolat beradi. Mazkur hujjatlar va ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tarbiya muassasalari va ularda tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar soni sezilarli darajada kamayishiga erishilmoqda. Eng muhimi, mamlakatimizda ushbu yo'nalishda yangi tizim joriy qilindiki, bu mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va maʼnaviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 K.Ernazarov,

 Sirdaryo tuman adliya bo‘limi boshlig‘i