Янгиликлар
Sayyor qabul - muammolar kaliti
Guliston tumanidagi “Hamid Olimjon” mahallasida 2609 nafar aholi istiqomat qiladi. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari S.Togʻayevning navbatdagi sayyor qabuli ushbu mahallada tashkil etildi. Sayyor qabulda Elobod, Gulobod, Dilxush, Ulkansoy, Yakkabogʻ koʻchalarida yashovchi aholi vakillari oʻz muammolari bilan murojaat etish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
“Yakkabogʻ” koʻchasida istiqomat qiluvchi Muyassar Shamsiddinova ichimlik suvi bilan bogʻliq muammoni bartaraf qilish hamda nosoz holga kelib qolgan elektr simyogʻochlarni yangisiga almashtirish boʻyicha, fuqaro Feruza Soliyeva Elobod 2-koʻchasi chekka joyda joylashgani sababli, aholi tomonidan chiqindilar tashlab ketilayotganligi, chiqindilarni olib ketish uchun maxsus xizmat yoʻlga qoʻyilmaganligidan norozi boʻlib murojaat qildi.
Tadbirda aholining barcha muammolarini shu joyning oʻzida yechishga harakat qilindi. Masalan, fuqaro Hilola Mamajonovaning kredit olish boʻyicha murojaatiga sayyor qabulda ishtirok etayotgan mutasaddi tashkilotlar ishtirokida yechim izlandi.
Fuqaro Sohiba Usmonovaga 1-guruh nogironi boʻlgan nabirasini davolatishda amaliy yordam beriladigan boʻldi.
Sayyor qabulda 40 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etdi. Kelib tushgan murojaatlarning 20 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi, 4 ta murojaat joyida qanoatlantirildi, 15 ta murojaat oʻrganib chiqish uchun ish yurituviga olindi.
Taʼkidlash joiz, joylarda tashkil etilayotgan bu kabi sayyor qabullar bevosita aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolariga huquqiy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, har bir murojaat oʻrganiladi, ijrosi alohida nazoratga olinadi.
Sayyor qabul davomida aholi qonunchilikdagi yangiliklardan ham xabardor qilindi. Moddiy yordam, kredit olish, mehnat qonunchiligi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish uchun yer maydoni ajratish, nafaqa tayinlash kabi hayotiy dolzarb masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy targ'ibot va ma'rifat bo'limi