Bog'lanish

Telefon
(+998 67) 226-02-53

Elektron manzil
sirdaryo@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

“Oqoltin taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK shartnoma majburiyatlarini bajarmadi


“Oqoltin taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK va “Xondamir Elomon” MCHJ oʻrtasida subpudrat shartnomalari tuzilgan boʻlib, unga koʻra taraflar bajarilgan ishlarini topshirish-qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomani imzolagandan soʻng, bosh pubratchi tomonidan 10 kunlik muddatda subpudratchining ushbu shartnomada koʻrsatilgan hisob raqamiga pulni toʻliq koʻchirish yoʻli bilan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.

“Xondamir Elomon” MCHJ tomonidan shartnomada koʻrsatib oʻtilgan talablar bajarilgan boʻlsa-da, biroq “Oqoltin taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK tomonidan shartnomada koʻrsatib oʻtilgan hisob-kitob va toʻlovlar toʻliq amalga oshirilmagan. 

Jamiyat rahbari qarzdorlikni undirishda amaliy yordam soʻrab Oqoltin tuman adliya boʻlimiga murojaat qildi. 

Mazkur murojaat qonun talablari asosida oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida maʼlum boʻldiki, subpudratchi “Xondamir Elomon” MCHJ tomonidan shartnomaga asosan 73 000 000 soʻmlik taʼmirlash ishlari bajarilgan, buning uchun 53 895 250 soʻm toʻlab berilgan. Biroq, “Oqoltin taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK tomonidan 19 104 750 soʻm kreditor qarzdorligi qoplab berilmagani oʻz tasdigʻini topdi.

Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisidagi qonunning 7-moddasiga binoan, shartnoma taraflari, tuzilgan xoʻjalik shartnomalari boʻyicha zimmalariga olgan majburiyatlarni oʻz vaqtida va tegishli tartibda bajarilishi shart ekanligi koʻrsatilgan.

Shu sababli, tuman adliya boʻlimi tomonidan “Xondamir Elomon” MCHJ manfaatida Oqoltin tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo ariza kiritildi. 

Natijada, sudning hal qiluv qarori chiqarilib, “Oqoltin taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK hisobidan “Xondamir Elomon” MCHJ foydasiga 19 104 750 soʻm mablagʻ undirilishi belgilandi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati qonun himoyasida, bugun oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, oʻzi, qolaversa xalqimiz turmushini farovon qilishga hissa qoʻshayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biridir. Bu borada adliya organlari tadbirkorga doʻst, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga doim tayyor.


Hokimbek Erkaboyev,

Oqoltin tuman adliya bo'limi boshlig'i